Toshkentdagi ayrim issiqxonalar issiqlik ta’minoti yetkazib berilmayotgani sababli isitish uchun muqobil vositalardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda 16-noyabr kuni gul yetishtiruvchilar va issiqxonachilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ma’lum qilindi.
Xususan, Bioagromaks korxonasi vakili Nodir Fozilov issiqxonasida issiqlik energiyasi yo‘qligi sababli hozir isiriq tutayotganini aytdi.
“Bizlarga issiqlik energiyasi yetkazib berilmagani uchun shu kecha-kunduzda isiriq tutatyapmiz”, — dedi tadbirkor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 80 sotix maydonga ega issiqxonada atirgullar yetishtiriladi, to‘rt kishi ish bilan ta’minlangan. Fozilov issiqxonani markazlashgan issiqlik tarmog‘iga ulash uchun o‘tgan yili 50 mln so‘m sarflaganini aytdi. Biroq bu mavsumda issiqlik energiyasi berilmayapti.
Tadbirkorning aytishicha, o‘tgan yili issiqxonaga issiqlik energiyasi yetkazib berilishi aytilganidan so‘ng ko‘mir qozonini ishlatmaslik so‘ralgan. Shundan keyin u issiqlik tarmog‘iga ulanish, hisoblagich o‘rnatish va boshqa ishlarga 50 mln so‘m sarflagan. Hozir esa barcha zarur jihozlar tayyor bo‘lsa-da, issiq suv olishga ruxsat berilmayapti.
“Shunga ruxsat berilsa, hamma xizmatlar uchun oldindan pul to‘lab ishlashga ham tayyormiz”, — dedi Fozilov.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari Abdurahim Abduvaliyev vaziyatga izoh berar ekan, 9- va 10-issiqlik markazlarida ishlab chiqariladigan issiq suv, avvalo, aholiga yetkazib berilishini aytdi. ToshGESda esa tadbirkorlar uchun alohida chiqish joyi va ortiqcha issiq suv mavjud.
Shuning uchun yuqoridagi markazlar hisob-kitob qilolmagan bo‘lishi mumkin. Loyiha ofisi rahbari issiqxonachilarning murojaati bo‘yicha vaziyatga aniqlik kiritilishini bildirdi. Uchrashuvda yana bir issiqxona egasi ham xuddi shunday muammoga duch kelayotganini, uning xo‘jaligi 9-issiqlik markaziga ulanganini aytdi.
Avvalroq Spot Energetika vazirligi gaz zaxiralari kamayib borayotgani sababli issiqxonalarni boshqa yoqilg‘i turlariga o‘tishga chaqirgani, biznes esa bunga tayyor emasligi haqida yozgandi.

