17-noyabr kuni Ipak Yuli Bank O‘zbekiston Markaziy bankidan islomiy bank xizmatlari darchasi orqali islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oldi. Bu bankka an’anaviy bank mahsulotlari bilan bir qatorda islomiy moliyalashtirish tamoyillariga mos moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish imkonini beradi.

Islomiy bank xizmatlari darchasi an’anaviy bank tarkibidagi alohida yo‘nalish bo‘lib, u orqali islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatiladi. Ushbu model mijozlarga an’anaviy va islomiy moliyaviy vositalar o‘rtasida tanlov qilish imkonini beradi.

An’anaviy foizli kreditlashdan farqli ravishda, islomiy bank xizmatlarida boshqa moliyalashtirish mexanizmlari qo‘llaniladi. Ulardan biri — murobaha. Bunda bank mijozga kerakli aktivni sotib oladi va uni oldindan kelishilgan ustama narx bilan mijozga sotadi.

Litsenziya olinishi Ipak Yuli Bank’ning O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlarini rivojlantirishga tayyorgarlik jarayonidagi navbatdagi bosqich bo‘ldi.

Islomiy moliyalashtirish sohasida qariyb 20-yillik tajriba

Ipak Yuli Bank 2006-yildan buyon islomiy moliyalashtirish sohasida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘sha yili bank O‘zbekistonda Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi (ICD) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan birinchi bank bo‘ldi.

ICD bilan hamkorlik davomida bank umumiy hajmi 46 mln dollar bo‘lgan to‘rtta moliyalashtirish liniyasini jalb qildi. Ushbu mablag‘larning 40,5 mln dollardan ortig‘i 59 ta loyihani amalga oshirishga yo‘naltirildi. Natijada 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratildi.

2022-yildan buyon Ipak Yuli Bank Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. 2026-yilda ITFC moliyalashtirish liniyasining hajmi 75 mln dollarga yetdi.

Islomiy bank xizmatlari darchasini tashkil etishga tayyorgarlik va keyingi rejalar

2026-yil 29-iyunda Ipak Yuli Bank aksiyadorlari islomiy bank xizmatlari darchasi modeli orqali islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Tayyorgarlik doirasida bank Islomiy moliyalashtirish kengashini tashkil etdi, ixtisoslashgan bo‘linmalar va ichki nazorat tizimini shakllantirdi. Bankning 10 nafardan ortiq xodimi islomiy moliya standartlarini ishlab chiquvchi xalqaro tashkilot — AAOIFI sertifikatlari va kasbiy malakalariga ega.

Markaziy bank litsenziyasining olinishi bankka islomiy bank xizmatlari darchasini rivojlantirishning keyingi bosqichiga o‘tish imkonini beradi.

Ipak Yuli Bank jismoniy shaxslar va tadbirkorlar uchun islomiy moliyaviy xizmatlar turlarini bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalashtirmoqda. Taqdim etiladigan mahsulotlar, ularning shartlari va rasmiylashtirish tartibi haqida ma’lumotlar xizmatlar bosqichma-bosqich ishga tushirilishi bilan alohida e’lon qilinadi.

Islomiy bank xizmatlari darchasini rivojlantirish bankning islomiy moliyalashtirish sohasidagi ko‘p yillik faoliyatining davomi bo‘lib, O‘zbekistondagi mijozlar uçun moliyaviy yechimlar turini ko‘paytirish imkonini beradi.

“Ipak Yuli Bank: har kuni yoningizda — katta maqsadlar sari.”

Reklama huquqlari asosida.