Raqobat qo‘mitasi Instagram sahifalari va tashqi reklama obyektlarida joylashtirilgan 27 ta konsert reklamasida fonogramma yoki jonli ijro haqida ma’lumot berilmaganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Lolita, Ani Lorak, Mayot, Nikolay Fomenko, Izzat Shukurov, Ummon guruhi, Rayhon G‘aniyeva va G‘aybulla Tursunov konsertlarining Instagram’dagi reklamalarida ijro shakli ko‘rsatilmagan. Toxi$, Mashina vremeni va Otar Kushanashvili ishtirokidagi dasturlarning tashqi reklamalarida ham shunday holat qayd etilgan.

Qo‘mita reklama beruvchilarga reklamalarni qonunchilik talablariga moslashtirish bo‘yicha ogohlantirish yubordi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 207-son qaroriga ko‘ra, reklamada “Jonli ijro”, “Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz” yoki “Fonogrammali konsert dasturi” deb aniq ko‘rsatilishi kerak.

“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 44-moddasiga ko‘ra, fonogramma ishlatilganda reklamada undan foydalanish darajasi ko‘rsatiladi. Tashqi reklamada bu ma’lumot reklama maydonining kamida 10% ini egallashi kerak. Tashkilotchilar tomosha boshlanishidan oldin bu haqda audioxabar berilishini ham ta’minlashi shart.

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasi ham konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish haqida ma’lumot berishni majburiy qiladi.

Qo‘mita monitoring davomida bu talablar buzilgani aniqlansa, qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgan 12 nafar blogerni javobgarlikka tortgani haqida yozgandi.