Shavkat Mirziyoyev turk kompaniyalarini O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda O‘zbekiston — Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengash yig‘ilishida so‘z bordi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari Toshkent farmatsevtika parkida investorlar uchun keng imtiyoz va preferensiyalar, zarur infratuzilma hamda ishlab chiqarish maydonlari taqdim etilayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev turk farmatsevtika kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

2002-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Nobel Pharmsanoat kompaniyasi sohadagi hamkorlikning amaliy namunasi sifatida ko‘rsatildi. Turkiyaning boshqa yetakchi farmatsevtika kompaniyalari ham O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga taklif qilindi.

Yig‘ilishda xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik dasturlari ham muhokama qilindi. Prezidentning ta’kidlashicha, 2026−2027-yillarda umumiy qiymati $8,4 mlrdlik davlat aktivlari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan.

Turk kompaniyalari bilan Samarqand avtomobil zavodini xususiylashtirish, Samarqand viloyati elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurish bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya banklari, investitsiya fondlari va sanoat kompaniyalarini ushbu jarayonlarda yanada faol ishtirok etishga chaqirdi.

Avvalroq Spot tibbiy xizmatlarni autsorsingga berish va xususiy sektor bilan 5 yillik shartnomalar taklif etilgani haqida yozgandi.