Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston — Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Unda Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.
2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti uch barobar o‘sdi, $150 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi. 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini $300 mlrdga yetkazish, sanoat ishlab chiqarishini ikki barobar oshirish va ushbu tarmoqda 2 mln yuqori daromadli ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, yuqori texnologik mahsulotlar ulushini uchdan bir qismga yetkazish maqsad qilingan. Prezident buning uchun Turkiya bilan amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Xususan, 2030-yilgacha O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmini 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shu davrda qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 GVtga, ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 54% ga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Atom sanoati maxsus sanoat zonasida 15 ta yo‘nalish bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ular O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida barpo etiladigan atom elektr stansiyalari ehtiyojlariga ham yo‘naltiriladi.
Shu bois davlat rahbari turk kompaniyalarini tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va “yashil” energetika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.
O‘zbekiston — Turkiya iqtisodiy hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri elektrotexnika sanoatidagi kooperatsiyani kengaytirish hisoblanadi. 2030-yilgacha O‘zbekistonda ushbu tarmoq eksportini $5 mlrdga yetkazish va $11,6 mlrd investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Turkiya kompaniyalariga misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbekistonlik korxonalar bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Avvalroq Spot xalqaro arbitraj turkiyalik investorlarning O‘zbekistonga qarshi da’volarini rad etgani haqida yozgan edi.