Shavkat Mirziyoyev turkiyalik investorlarni Yangi Toshkent qurilishi va O‘zbekistondagi yirik infratuzilma loyihalarida faol ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda O‘zbekiston — Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Ularga yangi shaharda turar joy va tijorat majmualari, mehmonxonalar, ta’lim hamda tibbiyot muassasalarini barpo etish taklif qilindi.

Davlat rahbari Koch Construction, Mimsan va OYAK kompaniyalarining Yangi Toshkent loyihasida ishtirok etishga bildirgan qiziqishini olqishladi. Shuningdek, investorlarning talab va takliflarini inobatga olib, ularni loyiha bilan bevosita tanishtirishga tayyorligini bildirdi.

“Har biringizda qandaydir talablar bo‘lsa, Yangi Toshkent loyihasiga olib borib, ko‘rsatishga ham tayyormiz. Sizlarda bu sohada juda katta tajriba va imkoniyat ham bor”, — dedi Mirziyoyev.

Prezident transport infratuzilmasida ham hamkorlik uchun katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi. Turk kompaniyalari pulli avtomobil yo‘llari, aeroportlar, logistika markazlari va boshqa infratuzilma loyihalarida ishtirok etishga chaqirildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Turkiyaning agrar sohadagi tajribasini hisobga olib, organik mineral o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar qurish, bog‘dorchilik, suv tejovchi texnologiyalar hamda sovitkich omborlari yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va yirik chakana savdo tarmoqlari orqali mahsulotni yetishtirishdan iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan yagona qiymat zanjirini shakllantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Avvalroq Spot Yangi Toshkentdagi investitsiya loyihalari har kuni nazorat qilinishi haqida yozgan edi.