Avvalroq prezident raisligida Toshkentni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Prezident o‘z nutqida mamlakatda jinoyatchilikka jilov solinmas ekan, tadbirkorlikni rivojlantirish va investorlarni jalb etishdan umid qilish befoyda ekanini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir kompaniya sarmoya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilayotganda mamlakatning geografik joylashuvini emas, avvalo xavfsizlik darajasini baholaydi.

“Jinoyatni jilovlamagunimizcha ishning barakasi bo‘lmaydi, tadbirkor kelmaydi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident mamlakatning kuchishlatar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralari rahbariyati jinoyatchilikka qarshi kurashda o‘rnak bo‘lishi kerakligini qayd etib, Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning rolini alohida ta‘kidladi.

Davlat rahbari mas‘ullarni o‘z ishiga vaqtinchalik deb qaramaslikka chaqirdi va tinch-osoyishta zamonning qadriga yetish zarurligini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar o‘z uyida xotirjam, erkin va hech kimdan qo‘rqmay yashashi uchun davlat idoralari ikki hissa ko‘proq ishlashi lozim.

“Birorta g‘o‘daygan boyvachcha paydo bo‘lsa — kechirmayman. Davlat bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident davlat tartibni ta‘minlashi shartligini, chunki faqat shundagina jamiyatning birligi va jipsligiga hamda fuqarolar ishonchiga erishish mumkinligini alohida ta‘kidladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda Vaziyatlar markazi tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.