Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Xorijiy investorlar uchun yer bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar sohasida huquqiy kafolatlarni kuchaytirish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, hozirda chet elliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet ellik ta’sischilari bo‘lgan kompaniyalarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari tarqoq me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan. Shu sababli amaliyotda huquqiy noaniqlik yuzaga keladi.
O‘rganishlar uchastkalarda uzoq muddatli loyihalarni rejalashtirish bilan bog‘liq takliflar ko‘payganini ko‘rsatdi, deya ta’kidlandi majlisda. Yangi qonun loyihasi norezidentlarning O‘zbekistondagi yerga bo‘lgan huquqlarini tartibga solishga qaratilgan.
Yer kodeksiga chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini belgilovchi alohida bob qo‘shish rejalashtirilmoqda.
Xorijiy investorlarga yerni ijaraga berish asoslari va shartlari tartibga solinadi. Shuningdek, hujjat diplomatik vakolatxonalarning yer uchastkalariga nisbatan huquqlarini belgilaydi.
Ular uchun yer ijarasining maksimal muddati hozirgi 25 yildan 49 yilga oshiriladi. Bu yirik uzoq muddatli loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yerdan foydalanuvchi va ijarachilarga 49 yilgacha (hozir 30 yilgacha) muddatga ijaraga berish imkoniyati mustahkamlanmoqda.
Yangi qonun yer munosabatlarining shaffofligini va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishi kerak, deya ta’kidladi deputatlar.
Uning qabul qilinishi amaldagi huquqiy normalarni tizimlashtirish va yerning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni ta’minlashi kerak.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini xorijliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish taqiqlangani haqida yozgandi.