Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga sug‘urta va elektron tijorat sohalariga oid o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, endilikda transport egalari avtomobilni haydovchilar soni cheklanmagan holda boshqarish uchun majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.
Bunday sug‘urta shartnomasida transport vositasi egasi yoki uning yaqin qarindoshlari alohida ko‘rsatilmaydi.
Shuningdek, YTH sodir bo‘lganda haydovchilar o‘z tanloviga ko‘ra sug‘urta tovonini aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri talab qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda ariza aynan aybdor tarafning sug‘urtalovchisi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qonun bilan yana bir qator o‘zgartirishlar ham kiritildi. Xususan, hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy sug‘urtalanadigan shaxslarni bir vaqtning o‘zida byudjet mablag‘lari hisobidan ish beruvchining fuqarolik javobgarligi bo‘yicha majburiy sug‘urtalash taqiqlanadi.
Bundan tashqari, elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlashi yoki tugatishi haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi joriy etilmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda insofsiz sug‘urta agentlari reyestri yuritilishi haqida yozgandi.