2-iyun kuni Adliya vazirligi sug‘urta agentlari to‘g‘risidagi nizomni (№3845) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat bilan O‘zbekistonda sug‘urta agentlari faoliyatiga qo‘yiladigan talablar belgilandi.
Sug‘urta agenti sug‘urtalovchi nomidan va uning topshirig‘iga binoan sug‘urta shartnomasini tuzishni hamda uning bajarilishini tashkil etishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi.
Topshiriq shartnomasi (agent bitimi) sug‘urta agenti va sug‘urtalovchi o‘rtasidagi kelishuvga asosan tuziladi. Bitim u tuzilgan kundan boshlab 1 kun ichida sug‘urtalovchi tomonidan Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etiladi va sug‘urta agentiga ID raqam beriladi.
Jismoniy shaxs bo‘lgan sug‘urta agentlariga o‘zlari yoki yaqin qarindoshlari nomiga tuziladigan sug‘urta shartnomalarida agent sifatida ishtirok etish taqiqlanmoqda.
Bundan tashqari, hujjatda bank kreditlari bilan bog‘liq sug‘urta shartnomalarini tuzishning alohida tartibi ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, kredit bilan bog‘liq sug‘urta shartnomalarida sug‘urta agenti sifatida faqat kredit bergan bank ishtirok etishi mumkin. Sug‘urta qildiruvchi esa sug‘urta kompaniyasini mustaqil tanlash huquqini saqlab qoladi.
Sug‘urta agenti vositachiligida tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha vositachilik haqi sug‘urtalovchining bank hisob raqamiga kelib tushgan sug‘urta mukofotlarining 25%idan oshmagan holda amalga oshiriladi.
Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta agentlari faoliyati har 6 oyda kamida 1 marta monitoringdan o‘tkaziladi. Monitoring davomida agentlar faoliyatining qonunchilikka muvofiqligi, tuzilgan sug‘urta shartnomalari, sug‘urta mukofotlari hisobi va boshqa masalalar tekshiriladi.
Agar sug‘urta agenti qonunchilik yoki nizom talablarini buzsa, uning vositachiligida tuzilgan sug‘urta shartnomalarini Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish va yangi sug‘urta polislarini rasmiylashtirish to‘xtatilishi mumkin.
Shuningdek, sug‘urtalovchi agentlik shartnomasini bir qator hollarda majburiy ravishda bekor qiladi. Jumladan, agent o‘z majburiyatlarini bajarishdan asossiz bosh tortganda, olti oy davomida vositachilik faoliyatini amalga oshirmaganda, qonunchilik talablarini buzganida yoki insofsiz sug‘urta agentlari reyestriga kiritilganda shartnoma bekor qilinadi.
Elektron platformalar orqali ishlovchi sug‘urta agentlari mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini (call-markaz, interaktiv muloqot tizimi va boshqalar) uzluksiz taqdim etishi shart. Ushbu talab bajarilmasa, agentlik shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Nizom bilan vakolatli organ — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi insofsiz sug‘urta agentlarining reyestrini yuritishi belgilandi. Reyestr barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lib, agentlik rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Sug‘urta agentlari firibgarlik, hujjatlarni soxtalashtirish yoki korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilganda, bila turib yolg‘on yoki soxta hujjatlar asosida sug‘urta shartnomalari tuzganda yoxud sud tomonidan agentlik shartnomasi shartlarini buzgan deb topilganda ushbu reyestrga kiritiladi. Reyestrga kiritilganlar unda bir yil yoki sud qarorida ko‘rsatilgan muddatlar davomida saqlanadi.
Avvalroq Spot ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlarga 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berilishi haqida yozgan edi.