Toshkent shahar hokimligi shahar va tuman hokimliklari, shahar boshqarmalari hamda ularga qarashli bo‘linmalarning ish vaqtini soat 8:00 dan 17:00 gacha etib belgilash taklifini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Bunda ish kunining davomiyligi o‘zgarmaydi — xodimlar ishni bir soat ertaroq boshlab, bir soat ertaroq yakunlaydi.
Hokimlik buni ko‘plab ijtimoiy muassasalar, ayrim davlat tashkilotlari, shuningdek, korxona va tashkilotlarda ish kuni soat 8:00 da boshlanishi bilan izohladi.
Ish jadvallarini uyg‘unlashtirish bir nechta idora ishtirokini talab qiladigan masalalarni tezroq muvofiqlashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tahlillari va modellashtirish natijalariga ko‘ra, ish boshlanish vaqtlarini taqsimlash ertalabki tig‘iz vaqtda yo‘l tarmog‘iga tushadigan yuklamani kamaytirishga yordam beradi.
Yangi grafik joriy etilsa, tushlik vaqti ham unga mos ravishda tashkil etiladi. Bu kun davomida transport oqimlari hamda umumiy ovqatlanish obyektlariga tushadigan yuklamani bir maromda taqsimlash imkonini berishi kutilmoqda.
Taklif bo‘yicha jamoatchilik so‘rovi natijalari 28-avgust kuni sarhisob qilinadi.
Agar tashabbus aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, hokimlik uni belgilangan tartibda kasaba uyushmalari tashkilotlari ko‘rib chiqishiga kiritadi.
Avvalroq Spot Toshkent hokimi xodimlarni soat 18:00 da ishdan ketishga chaqirgani haqida yozgandi.