Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov hokimlik xodimlarini rag‘batlantirish borasidagi yondashuvlari haqida gapirdi. Bu haqda u Anhor.uz nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Xodimlarning motivatsiyasini oshirish chora-tadbirlari haqidagi savolga javob berar ekan, u o‘zining asosiy tamoyillaridan biri ish va dam olish vaqtiga rioya qilish ekanligini ta‘kidladi. Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, u xodimlardan ish kuni tugagach soat 18:00 da ishdan ketishni hamda zarurat bo‘lmasa, shanba va yakshanba kunlari ishga chiqmaslikni talab qiladi.

“Mening qat‘iy talabim, masalan, ish kuni tugagach, soat oltida ishdan ketinglar. Ish qancha ko‘p bo‘lmasin, ularning o‘z vaqtida ketishi uchun bor kuchimni ishga solaman. Shu bilan birga, ularga shanba va yakshanba kunlari ishga chiqmaslikni aytaman”, — dedi hokim.

Uning qayd etishicha, hokimlikda xodimlarning ijtimoiy masalalarini hal etish uchun rag‘batlantirish mexanizmlari, jumladan, KPI tizimi ham joriy etilgan. Shu bilan birga, Umurzakov budjet tashkilotida pul bilan rag‘batlantirish imkoniyatlari cheklanganini alohida ta‘kidladi. “Shu sababli, pul mukofotlari borasida alohida muvaffaqiyatga erishdim, deb ayta olmayman”, — deya tan oldi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy moddiy rag‘batlantirish choralari obodonlashtirish sohasi xodimlariga, xususan, ularning ish haqini oshirish va pul bilan mukofotlashga qaratilgan.

Spot, avvalroq, Toshkentga kirish joylarida avtoturargoh va bozorlarga ega transport tugunlari tashkil etilishi haqida yozgandi.