Tirbandliklarga qarshi kurashish uchun Toshkentga kiraverishda tutib qoluvchi transport bog‘lamalari yaratiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Anhor.uz nashriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Hokim Toshkentdagi tirbandliklarga qarshi kurash choralari haqidagi savolga javob berar ekan, transport muammosini nafaqat shahar ichida, balki uning tashqarisida ham hal qilish zarurligini ta‘kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentga har kuni 500 mingga yaqin avtomobil kiradi. O‘tkazilgan tadqiqotlar ularning kamida yarmi shaharga bozorlarda xarid qilish uchun kelib, so‘ng ortiga qaytib ketishini ko‘rsatgan.
Umurzoqovning fikricha, bozorlarni aholi yashaydigan hududlarga yaqinroq ko‘chirish orqali bu oqimning bir qismini kamaytirish mumkin. Uning ta‘kidlashicha, bunday holda ayrim haydovchilar Toshkentga kirmasdan, o‘z joyida xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Shaharga kirib kelayotganlar uchun esa mashinani qoldirish mumkin bo‘lgan avtovokzal tipidagi sharoitlarni yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Bu majburiy bo‘lmaydi, istaganlar o‘z mashinasida kirib-chiqishi mumkin. Lekin biz odamga avtobusga o‘tirish foydaliroq bo‘ladigan darajada qulay sharoit yaratmoqchimiz”, — dedi hokim.
Uning aytishicha, shahar asosiy diqqatga sazovor nuqtalarni aniqlab, ularga olib boruvchi yo‘nalishlarni ishlab chiqmoqda. Transport-o‘tish bog‘lamalarini Toshkentga asosiy kirish yo‘nalishlari — Farg‘ona vodiysi, Qo‘yliq, Ohangaron, Samarqand, Nazarbek va Uch Qahramon tomonlarida tashkil etish rejalashtirilgan. Shunday qilib, gap haydovchilarga avtomobilni shahar tashqarisida qoldirib, yo‘lni jamoat transportida davom ettirish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish haqida ketmoqda.
Umurzoqov tirbandlik muammosini hal qilish uchun nafaqat bevosita Toshkentning o‘zida, balki uning tashqarisida ham ishlash kerakligini alohida ta‘kidladi.
“Shaharga kirayotgan odam uchun mashinasini qoldirib, shaharga jamoat transportida kirish yoki o‘z joyida xarid qilib, ortga qaytish qiziqarliroq bo‘ladigan qilish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Spot, avvalroq, Toshkent tirbandliklar bilan qanday kurashishi haqida yozgandi.
