Toshkentda tirbandliklarga qarshi kurash doirasida elektr samokatlar va velosipedlar uchun infratuzilma yaratiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Anhor.uz nashriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Pulli avtoturargohlar va tirbandlikka qarshi kurash choralari haqidagi savolga javob berar ekan, Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov transport muammosini hal etish kompleks yondashuvni talab qilishini, bu faqat svetofor yoki yo‘l belgilari o‘rnatish bilan cheklanib qolmasligini ta‘kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharni shaharsozlik nuqtayi nazaridan rivojlantirishda qo‘llanilayotgan tamoyillardan biri — “15 daqiqalik shahar” konsepsiyasidir. U aholining kundalik hayot uchun zarur xizmatlardan piyoda masofada foydalanishini ko‘zda tutadi, bu esa avtomobillardan foydalanish zaruratini kamaytiradi.

Umurzoqov ushbu tamoyil hududlarni renovatsiya qilishda, shuningdek, bosh reja va Obod mahalla dasturi doirasida hisobga olinayotganini qayd etdi. Xususan, ota-onalar joy yetishmasligi sababli farzandlarini boshqa tumanlarga olib borishga majbur bo‘lmasligi uchun maktab va bolalar bog‘chalarida yetarlicha o‘rinlar yaratish nazarda tutilmoqda.

Hokim mikromobillikni rivojlantirishni alohida yo‘nalish deb atadi. Uning aytishicha, Toshkentning mavjud yo‘l infratuzilmasi hozircha velosiped, elektr samokat va boshqa shaxsiy harakatlanish vositalariga mo‘ljallanmagan.

“Bugungi kunda bizda velosipedlar, elektr samokatlar va boshqa shunga o‘xshash harakatlanish vositalari uchun yo‘laklar yaratilmagan. Ayni paytda elektr samokatlardan foydalanish imkoniyatini berish uchun yo‘laklarni barpo etish ustida ishlayapmiz va infratuzilma yaratyapmiz”, — dedi u.

mikromobillik, shavkat umurzoqov, tirbandlik, toshkent shahar hokimi

Bundan tashqari, shahar jamoat transportini rivojlantirish ustida ishlamoqda. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bekatlar bilan ishlash boshlanishining sabablaridan biri — avtobuslar harakatidagi oraliq vaqtni qisqartirish va aholining kerakli manzilga istalgan vaqtda yetib borishiga imkoniyat yaratishdir.

Shuningdek, Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Umurzoqovning ta‘kidlashicha, gap faqat yo‘l chiziqlarini chizish haqida ketmayapti: shahar ma‘muriyati avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarni jismonan ajratish niyatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sinov tariqasida buning uchun rezina bordyurlardan foydalanilgan, biroq ular sinovdan o‘ta olmagan: avtomobillar ularning ustidan o‘ta boshlagach, konstruksiyalar sina boshlagan. Hozirda shahar ajratgichlar uchun material tanlamoqda.

Bunga parallel ravishda tezyurar BRT avtobus yo‘nalishlari ustida ham ish olib borilmoqda.

Umurzoqov, shuningdek, shahar bo‘ylab qatnovlar sonini kamaytirish uchun riteyl, madaniyat va istirohat bog‘lari hamda sayyohlik ko‘chalarini rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Hokimning fikricha, agar odamga zarur obyektlar yaqin atrofda joylashsa, uning shahar bo‘ylab qatnovlari soni kamayadi.

Spot, avvalroq, Oqtepa maydoni chorrahasida yangi chapga burilish yo‘nalishlari tashkil etilgani haqida yozgandi.