Toshkentning Chilonzor tumanidagi Oqtepa maydoni chorrahasida transport harakatini qulaylashtirish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida yangi chapga burilish yo‘nalishlari tashkil etildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Endilikda Lutfiy ko‘chasidan kelayotgan haydovchilar Muqimiy ko‘chasiga o‘tib qayrilib olmasdan, svetoforning tegishli ishorasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chapga burilib, Nurafshon va Seul ko‘chalari tomon harakatlanishi mumkin.
Shuningdek, Samarqand Darvoza ko‘chasidan kelayotgan transport vositalari uchun ham chapga burilish imkoniyati yaratildi.
Haydovchilar Nurafshon ko‘chasiga kirib qayrilib olish o‘rniga, chorrahadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari tomon harakatlanishi mumkin.


Natijada haydovchilar bosib o‘tadigan masofa qariyb 600 metrga qisqardi. Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, harakatlanish vaqti odatiy soatlarda 4 daqiqagacha, kunning tig‘iz vaqtlarida esa 10 daqiqagacha kamaygan.
Bundan tashqari, piyodalar xavfsizligi va qulayligini ta‘minlash maqsadida piyodalar o‘tish yo‘laklari hamda ular uchun svetoforlar tashkil etildi.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi tirband chorrahada yashil chiroq vaqti qariyb ikki baravarga uzaytirilgani haqida yozgandi.

