Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida umumiy qiymati 119 mln yevro bo‘lgan kanalizatsiya infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zsuvta'minot matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihalar doirasida 3 ta tozalash inshooti, 680 kilometrdan ortiq kanalizatsiya tarmoqlari va 15 ta nasos stansiyasi quriladi.

25-avgust kuni O‘zsuvta'minot va pudratchilar o‘rtasida qurilish bo‘yicha kelishuvlar O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasi, Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi ishtirokida imzolandi.

Moliyalashtirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligining 105 mln yevrolik krediti va Yevropa Ittifoqining 8,15 mln yevrolik granti ajratiladi. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi kredit shartnomasi 2022-yil 25-martda imzolangan.

Qurilish shartnomalari Fransiya taraqqiyot agentligi xarid tartib-qoidalari asosida o‘tkazilgan ikki bosqichli tenderlar yakunlariga ko‘ra tuzilgan.

Shahrisabz loyihasi bo‘yicha turkiyalik Alkatas Insaat ve Taahut A.S. va MESMER-EAST LLC g‘olib deb topilgan. Ular batafsil loyiha ishlab chiqish va qurilish ishlarini amalga oshiradi.

Navoiy loyihasi bo‘yicha ham pudratchi sifatida Alkatas Insaat ve Taahut A.S. tanlangan. Qurilish ishlarining texnik nazoratini Janubiy Koreyaning DOHWA Engineering Co., Ltd. va Fransiyaning SAFEGE S.A.S. kompaniyalari olib boradi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida sutkasiga jami 53 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega ikkita tozalash inshooti, 521,2 km kanalizatsiya tarmog‘i va 10 ta nasos stansiyasi quriladi. Ishlar yakunlangach, 51 ta mahalladagi 240,4 ming nafar aholi kanalizatsiya xizmatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Kitobda markazlashgan kanalizatsiya tizimi birinchi marta barpo etiladi. Natijada qamrov 81% ga, ya’ni 63,4 ming kishiga yetadi. Shahrisabzda esa bu ko‘rsatkich hozirgi 8% dan 86% gacha oshib, xizmatdan foydalanuvchilar soni 19,6 ming nafardan 177 ming nafargacha ko‘payadi.

Navoiy viloyatining Karmana tumanida sutkasiga 9,8 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega inshoot, 161 km kanalizatsiya tarmog‘i va 5 ta nasos stansiyasi quriladi.

Bu 14 ta mahalladagi 54,9 ming aholining 49,4 ming nafarini ilk bor kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash imkonini beradi. Aholining kanalizatsiya bilan qamrovi 90% ga yetadi.

O‘zsuvta'minot ma’lum qilishicha, yangi tozalash inshootlari oqova suvlarni tozalash samaradorligini oshirish, shuningdek, ifloslangan suvlarning daryolar va yer osti suvlariga oqizilishini kamaytirish imkonini beradi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda suv tariflari tannarxni to‘liq qoplamayotgani sabab qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgandi.