Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.
Unda suv taʼminoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash masalasi ham muhokama qilindi. Amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, hududlar kesimida keskin farqlar mavjudligi sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, Magistral suv taʼminoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. U hududiy korxonalarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027-yil 1-apreldan budjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Demografik va iqtisodiy o‘sish natijasida 2030-yilga borib, mamlakatimizda ichimlik suvi isteʼmoli hozirgi 941 mln kub metrga nisbatan yana 230 million kub metrga ortishi kutilmoqda. Bu suv resurslarini aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni kamaytirishni taqozo etadi.
Shu bois, isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish, shahar va tuman markazlaridagi barcha isteʼmolchilardan masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish belgilandi.
Suv inshootlari va tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish, boshqaruvga “SCADA”, “GIS”, telemetriya va yagona billing tizimlarini keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini 35% dan 25% ga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Sohada sunʼiy intellekt asosida nasos uskunalarining ishini tahlil qilish, avariyalar va suv oqishini oldindan aniqlash, isteʼmol hajmini prognozlash hamda aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga qaratilgan loyihalar ham taqdimot qilindi.
Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida alohida fakultet ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, hududlardagi texnikumlar bazasida ichimlik va oqova suv yo‘nalishida dual taʼlimni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Prezident taqdimot yakunida loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, korxonalar moliyaviy barqarorligini taʼminlash, sohani raqamlashtirish va aholi uchun qulayliklarni oshirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot 2026-yilda suvdan foydalanish solig‘i stavkalari qanday o‘zgarishi haqida yozgandi.