Markaziy bank telefon raqami orqali Tezkor to‘lovlar tizimi yordamida jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqladi. Adliya vazirligida 24-avgust kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjat Lex.uz'da e’lon qilindi.
Hujjat bir bank hisobvarag‘idan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini (Account-to-Account, A2A) tartibga soladi. Buning uchun hisobvaraq egasi jismoniy shaxsning hisobiga bog‘lagan mobil telefon raqamidan foydalaniladi (22616 balans hisobvarag‘i).
Bir telefon raqamiga faqat bitta bank hisobvarag‘ini bog‘lash mumkin. Bog‘langan raqamlar haqidagi ma’lumotlar Bank depozitorlarining Milliy axborotlar bazasi orqali yuritiladi.
Hisobvaraqni telefon raqamiga bog‘lash uchun arizalar banklarning mobil ilovalari orqali qabul qilinadi. Bog‘lash muvaffaqiyatli amalga oshirilganda, Milliy axborotlar bazasi so‘rov yuborilgan bank va foydalanuvchiga maxsus bog‘lash kodini taqdim etadi.
Ushbu kod foydalanuvchini bevosita (agar uni jo‘natuvchi taqdim etsa) yoki unga bog‘langan telefon raqami orqali aniqlash uchun ishlatiladi. Foydalanuvchi bog‘lash kodini tasdiqlaganidan so‘ng telefon raqami bank hisobvarag‘iga bog‘langan hisoblanadi.
Foydalanuvchi telefon raqamini o‘z xohishiga ko‘ra mobil ilova yoki bank ofisi orqali hisobvaraqdan uzishi mumkin. Bundan tashqari, bank quyidagi holatlarda bog‘lanishni mustaqil ravishda bekor qilishi mumkin:
- foydalanuvchi bank ilovasidagi hisobini o‘chirsa;
- u terrorizmni yoki ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqishni moliyalashtirishda ayblanuvchilar reyestriga kiritilsa.
Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul o‘tkazmalari mobil ilova yoki bank ofisida jo‘natuvchining to‘lov topshirig‘i asosida amalga oshirilishi mumkin. Xizmat 24/7 rejimida real vaqtning o‘zida ishlaydi.
Agar pul turli banklardagi hisobvaraqlar o‘rtasida o‘tkazilsa, jo‘natuvchi oluvchining bankini tanlashi va uning bank rekvizitlarini olishi mumkin. Jo‘natuvchining banki zarur rekvizitlarni texnik hujjatga kiritib, to‘lovni kliring tizimi orqali amalga oshirish uchun uni Tezkor to‘lovlar tizimiga yuboradi.
Agar pul bir bank ichidagi hisobvaraqlar o‘rtasida o‘tkazilsa, tranzaksiya bank ichidagi to‘lov sifatida rasmiylashtiriladi. Har ikkala holatda ham o‘tkazmani amalga oshirish uchun jo‘natuvchi va oluvchi bankining yakuniy tasdig‘i talab etiladi.
Jo‘natuvchiga o‘tkazma amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjat beriladi. Unda xizmatning sanasi va vaqti, tranzaksiyaning yagona raqami (BID), jo‘natuvchi va oluvchining ismi, hisobvaraqlari raqami, telefon raqami yoki oluvchining kodi, o‘tkazma summasi hamda komissiya miqdori ko‘rsatiladi.
Tranzaksiyalarni amalga oshirishda kiberxavfsizlik va pul yuvishga qarshi kurashish talablariga rioya qilish majburiy. Yangi qoidalar rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib — 26-noyabrdan kuchga kiradi.
2025-yil aprel oyida Markaziy bank To‘lov tizimlari departamenti direktorining o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov jismoniy shaxslarni dastlab yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ishga tushirilgan Tezkor to‘lovlar tizimiga ulash rejalari haqida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizimni yaratish ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil noyabr oyida Markaziy bankka 2026-yil 1-fevralgacha jismoniy shaxslar uchun Tezkor to‘lovlar tizimida bank hisobvaraqlari orqali real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkoniyatini yaratishni topshirgan.
Mart oyining oxirida Markaziy bank Tezkor to‘lovlar tizimi asosida bank hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini (A2A) texnik jihatdan ishga tushirganini ma’lum qilgan. Regulyator ta’kidlashicha, o‘tkazmalar uchun komissiya miqdorini har bir bank o‘zining ichki tarif siyosatiga muvofiq mustaqil belgilaydi.
Avvalroq Spot Markaziy bank fintex-servislarida biometrik tasdiqlash talablarini yumshatgani haqida yozgandi.