O‘zbekiston sun‘iy intellektni rivojlantirish uchun o‘z infratuzilmasini kengaytirish bilan birga, xorijiy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish niyatida. Bu haqda 24-avgust kuni Prezident Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun‘iy intellekt departamenti rahbari Bobur Xo‘jayev Silk Road Finance & Technology Forum‘dagi panel muhokamasi chog‘ida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rivojlanayotgan mamlakat sifatida mavjud barcha texnologiyalardan foydalanishdan manfaatdor. Xususan, Amerika texnologiya kompaniyalari ilg‘or sun‘iy intellekt chiplari va modellarini taklif etayotgan bo‘lsa, Xitoy dasturchilari Amerika analoglaridan ancha arzon bo‘lgan ochiq modellarni taqdim etmoqda.

“Biz har ikkalasidan (sun‘iy intellekt sohasidagi Amerika va Xitoy texnologiyalaridan — tahr.) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishni istardik”, — dedi Xo‘jayev.

Shu bilan birga, mamlakat o‘zining sun‘iy intellekt infratuzilmasini ham rivojlantirmoqda. O‘tgan oy Raqamli hukumat ma‘lumotlar markazida birinchi yirik superkompyuter ishga tushirildi. Kelgusi 12 oy ichida uning quvvatini uch barobarga oshirish rejalashtirilmoqda.

Prezident Administratsiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zining sun‘iy intellekt modellari ustida ham ishlamoqda. Ularni ta‘lim, sog‘liqni saqlash, davlat xizmatlari va moliya sohalarida qo‘llash ko‘zda tutilgan.

bobur xo‘jayev, investorlar, ma'lumotlar markazi, prezident administratsiyasi, qoraqalpog‘iston, sun'iy intellekt

Shu bilan birga, mamlakat sun‘iy intellekt infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratish niyatida.

Xo‘jayev o‘tgan yili Qoraqalpog‘istonda ma‘lumotlar markazini qurishga sarmoya kiritish uchun soliq imtiyozlari va elektr energiyasiga maxsus tarif e‘lon qilinganini ta‘kidladi. Hozirda, uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi loyihalarga qiziqish bildirayotgan “katta investorlar guruhi” shakllangan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda xalqaro texnologik kompaniyalar uchun umumiy huquq tartibini va soliq imtiyozlarini nazarda tutuvchi yangi Enterprise Uzbekistan maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

“Biz barcha hamkorlar va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilishga ochiqmiz”, — deb qayd etdi Xo‘jayev.

U O‘zbekiston sun‘iy intellekt texnologiyalarini nafaqat moliya sohasida, balki iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarida joriy etish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.


Spot, avvalroq, Markaziy bank valyuta bozorida so‘mga bosim kuzatilmayotganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.