Shavkat Mirziyoyev “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda Spot‘ga Enterprise Uzbekistan matbuot xizmati ma‘lum qildi.
Qonun davlat rahbarining 2025-yil noyabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan markaz faoliyatini tartibga soladi. 18-avgust kuni Xivada tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda prezident markaz 2027-yilda ishga tushirilishini e‘lon qilgan edi.
Enterprise Uzbekistan‘ning biznesni global rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Bahodir Ayupov qonunning imzolanisini markaz uchun “hal qiluvchi bosqich” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali global texnologik kompaniyalar va investorlar uchun tushunarli huquqiy asos vujudga keldi.
“Biz xalqaro biznes tomonidan jiddiy qiziqish bo‘layotganini ko‘ryapmiz, qabul qilingan qonun esa O‘zbekiston bozoriga kirishdagi asosiy to‘siqlardan birini bartaraf etib, jahon darajasidagi raqobatbardosh texnologik ekotizimni shakllantirish uchun poydevor yaratadi”, — deb ta‘kidladi Ayupov.
Hujjat iyun oyi boshida Qonunchilik palatasida yakuniy o‘qishdan o‘tgan edi. Senat dastlab investorlar huquqlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish hamda markaz organlarining vakolatlarini aniqlashtirish zarurligini ta‘kidlab, uni takomillashtirish uchun qaytargan. Qonun kelishuv komissiyasi tomonidan qayta ishlangach, yuqori palata 8-avgust kuni uni ma‘qulladi.
Huquqiy muhit
Qonun Enterprise Uzbekistan uchun 2100-yilgacha amal qiladigan alohida huquqiy tartibga solish tizimini shakllantiradi. U quyidagilarni qamrab oladi:
- korporativ va tijorat munosabatlari;
- investitsiyalar;
- mehnat munosabatlari;
- ma‘lumotlar va intellektual mulk himoyasi;
- davlat xizmatlari;
- sun‘iy intellekt;
- ta‘lim va innovatsiyalarni tartibga soluvchi sinovdan o‘tkazish;
- soliqqa tortish va bojxona tartibga solinuvi.
Markaz qarorlarida Angliya va Uels umumiy huquqi asosida, shuningdek, yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlaridan foydalanilishi mumkin.
Maxsus huquqiy rejim doirasida taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar ularni oluvchilarning ahvolini yomonlashtiradigan tarzda o‘zgartirilishi yoki muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin emas. Qayd etilishicha, bu barqaror va oldindan aytish mumkin bo‘lgan huquqiy muhit yaratish imkonini beradi.
Biznes yuritish va investitsiyalar
Tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar Enterprise Uzbekistan rezidentlari ro‘yxatiga kirishi mumkin. Markaz doirasida yangi kompaniyalar tashkil etish, boshqa yurisdiksiyalardagi yuridik shaxslarning ishtirok etishi, xorijiy tashkilotlarning filial va vakolatxonalari faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi.
Markaz organlariga jismoniy va yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda akkreditatsiya qilish vakolatlari beriladi. Shuningdek, ular markaz ichida ruxsat berishga oid tartib-taomillarni amalga oshirishi, maslahat va axborot xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin.
Qonun muqobil va venchur investitsiyalar ekotizimi uchun huquqiy asos yaratadi hamda investorlarning to‘rtta toifasini ajratib ko‘rsatadi: institutsional investorlar, startap-investorlar, rezident-investorlar va infratuzilmaviy investorlar.
Investorlar investitsiyalar hajmi, turi va yo‘nalishlarini mustaqil belgilashi, shuningdek, olingan daromadlarni erkin tasarruf etishi mumkin. Ularning aktivlari va mol-mulki milliylashtirish, musodara qilish, muzlatib qo‘yish va boshqa cheklovlardan himoyalanadi (qonunda belgilangan holatlar va sud qarorlari bundan mustasno).
Markaz ishtirokchilari akkreditatsiyadan o‘tgan hamkorlar orqali bank, investitsiya, venchur, sug‘urta va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalana oladi. Xorijiy banklar Markaziy bank bilan kelishgan holda bu yerda o‘z filiallarini ochishi mumkin.
Ma‘lumotlar, bulutli texnologiyalar, sun‘iy intellekt
Enterprise Uzbekistan shaxsga doir ma‘lumotlarni qayta ishlash va himoya qilish bo‘yicha jahon standartlariga yo‘naltirilgan maxsus qoidalardan foydalanadi. Ma‘lumotlar xavfsizligi, yaxlitligi va ishonchliligi talablariga rioya qilingan holda, ularni “bulut"da saqlash va qayta ishlashga ruxsat etiladi.
Shuningdek, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni xalqaro me‘yorlarga muvofiq himoya qilish nazarda tutilgan. Qonun ularni ro‘yxatga olish va himoya qilishning qo‘shimcha mexanizmlarini, xususan, raqamli servislar orqali ariza topshirish imkoniyatini o‘z ichiga oladi.
Inson huquqlari himoyasi, jamoat xavfsizligi va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari inobatga olingan holda, sun‘iy intellekt texnologiyalarini tadqiq etish, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va joriy etish erkinligi kafolatlanadi.
Ta‘lim sohasida yetakchi xorijiy ta‘lim muassasalarining dastur va standartlaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Markaz ma‘muriyati uning hududida akademiyalar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va o‘quv markazlarini ochish uchun litsenziyalar bera oladi.
Rezidentlar uchun shart-sharoitlar
Enterprise Uzbekistan hududidagi kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tish, korporativ boshqaruv, shartnomaviy munosabatlar, investitsiyalar, bandlik, bank operatsiyalari va ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha alohida qoidalar asosida faoliyat yuritadi. Tartibga solish umumiy ingliz huquqi elementlari va xalqaro amaliyotga asoslanadi.
Markaz doirasida maxsus soliq modeli amal qiladi. Soliqlardan faqat uchtasi — foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS) saqlab qolinadi. Investorlar dividendlar va sarmoyalardan olinadigan boshqa daromadlarga solinadigan soliqdan ozod qilinadi.
Eksport va markaz ichidagi faoliyat uchun foyda solig‘i va QQS, shuningdek, xorijiy xodimlar uchun JSHODS bo‘yicha nol foizli stavka qo‘llaniladi.
Enterprise Uzbekistan‘da ishlaydigan xorijiy mutaxassislar 3 yilgacha muddatga viza olishlari mumkin bo‘ladi. Ularning mehnat rejimi shartnomaviy tartibga solish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat xavfsizligi va adolatli haq to‘lash tamoyillariga asoslanadi. Masofadan ishlash, moslashuvchan ish jadvali, shuningdek, muqobil mehnatga haq to‘lash tizimlariga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, rezidentlar tartibga soluvchi “qumdon” doirasida bozorning cheklangan segmentida, nazorat ostidagi sharoitlarda innovatsion texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular:
- qonunchilikning ayrim talablaridan vaqtincha ozod qilinishi;
- litsenziya va ruxsatnomalarni soddalashtirilgan tartibda olishi;
- markazning tadqiqot laboratoriyalari va boshqa infratuzilmasidan foydalanishi mumkin.
Sinov muddati 12 oygachani tashkil etadi. Agar sinov davomida yechim o‘z samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatsa, uni markazda doimiy asosda joriy etish yoki mamlakat miqyosida bosqichma-bosqich kengaytirish mumkin bo‘ladi.
Maxsus huquqiy rejim doirasidagi fuqarolik, iqtisodiy, korporativ, mehnat va boshqa nizolar Toshkent xalqaro tijorat sudining yurisdiksiyasiga kiradi. U Toshkent xalqaro moliya markazi huzurida tashkil etilgan.
Boshqaruv va rivojlanish bosqichlari
Prezident boshchiligidagi Boshqaruv kengashi Enterprise Uzbekistan‘ning oliy organi hisoblanadi. Ijro etish vazifalarini markaz ma‘muriyati amalga oshiradi.
Ma‘muriyat qoidalarni ishlab chiqish, ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, loyihalar monitoringini yuritish va “tartibga solish qumdoni” faoliyatini ta‘minlash uchun mas‘uldir.
Birinchi bosqichda markaz organlari tartibga soluvchi qarorlar to‘plami qabul qilinishini ta‘minlaydi. Ular quyidagi amaliy tartiblarni belgilaydi:
- ro‘yxatdan o‘tkazish va litsenziyalash;
- investitsiyalash;
- soliq va bojxona ma‘muriyatchiligi;
- mehnat munosabatlari;
- ma‘lumotlarni himoya qilish va maxsus huquqiy rejimning boshqa elementlari.
Kelgusida markaz asosiy e‘tiborni normativ-huquqiy bazani shakllantirish, raqamli xizmatlarni ishga tushirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratadi. Shuningdek, u global texnologik kompaniyalar, startaplar, investorlar va xalqaro hamkorlarni jalb qiladi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank fintex-servislarida biometrik tasdiqlash talablarini yumshatgani haqida yozgandi.