Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Taʼkidlanishicha, jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5% ga o‘sdi. Fitch va Moodyʼs agentliklari mamlakat suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.

Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi. Davlat rahbari bu natijalar tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini taʼkidladi.

Joriy yil kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi. Milliy sanoat zanjiri orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trln so‘mlik buyurtmalar oldi.

Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini eʼlon qildi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha $1 mlrdlik bozor yaratdi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mga oshirildi. Kafe va restoranlarga 100 mlrd so‘m QQS keshbek sifatida qaytarildi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga “nol” stavka joriy qilinishi hisobiga 400 mlrd so‘m fermerlarda qoldi.

Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga cheklov bekor qilindi, Turkmaniston bilan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan yuzlab mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.

Iqtisodiyot o‘sishiga katta turtki beradigan yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon zamonaviy avtomobil yo‘llari shular jumlasidan.

Xorazmda ekologik aviayoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati $27 mlrd bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.

Barcha hududlarda jami 3 mln aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.

Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkaga tushiriladi.

Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.

Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular $20−25 mlrd kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.

Spot, avvalroq, Xivada SI va xalqaro biznes bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan Xitoy OTM filiali ochilgani haqida yozgandi.