OpenAI ChatGPT’ning xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirib, foydalanuvchilarga kiyimlarni o‘z suratida virtual tarzda kiyib ko‘rish imkonini beruvchi yangi funksiyani taqdim etdi.

Yangi Virtual Try On funksiyasi 1-oktabrda e’lon qilindi va foydalanuvchining suratlari asosida tanlangan kiyim qanday ko‘rinishini aks ettiruvchi tasvir yaratadi.

Funksiya OpenAI’ning 2026-yil sentabrida taqdim etilgan ChatGPT Images 2.5 tasvir yaratish modeli asosida ishlaydi. Model foydalanuvchi yuklagan surat va kiyim tasviridan foydalanib, yangi vizual natija hosil qiladi.

Bundan tashqari, OpenAI foydalanuvchilarga yoqqan mahsulotlarini saqlab qo‘yish imkoniyatini ham qo‘shdi. Favorites funksiyasi orqali tanlangan mahsulotlarni ChatGPT’ning Library bo‘limida saqlash va keyinroq qayta ko‘rish mumkin.

Virtual kiyib ko‘rish xarid qilishdan oldin kiyimning rangi, bichimi va umumiy ko‘rinishini tasavvur qilishga yordam beradi.

Biroq yaratilgan tasvir kiyimning haqiqiy o‘lchamga mos kelishini yoki matoning tanada qanday turishini kafolatlamaydi. Shu sababli xarid qilishdan oldin sotuvchining o‘lchamlar jadvali, mahsulot tavsifi va qaytarish shartlarini tekshirish kerak.

Shaxsiy suratlarni yuklashda maxfiylik masalasiga ham e’tibor berish lozim. Shaxsiy ChatGPT akkauntlarida yuklangan ma’lumotlar modelni takomillashtirish uchun ishlatilishi mumkin.

Buning oldini olish uchun sozlamalardagi Data Controls bo‘limidan modelni o‘qitishda ma’lumotlardan foydalanishni o‘chirib qo‘yish mumkin.

OpenAI yangi funksiyani 1-oktabrdan boshlab veb-versiya va mobil ilovalarda bosqichma-bosqich taqdim eta boshladi.

Biroq uning barcha mamlakatlar va foydalanuvchilar uchun bir vaqtda ochilgani tasdiqlanmagan.


Avvalroq Spot ChatGPT’da foydalanuvchilarning ma’lumotlariga kirish imkonini beruvchi yashirin kanal topilgani haqida yozgandi.