Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish ishlarini 2028-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Bu haqda 29-sentabr kuni Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aeroport direktori Oybek Matkarimov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Hozirda Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi ishtirokida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Matkarimovning so‘zlariga ko‘ra, DXSh loyihasi doirasida yangi yo‘lovchi terminali, yuk kompleksi, aerodrom va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, shuningdek, yo‘lovchilar uchun yangi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.

Urganch xalqaro aeroporti direktorining qayd etishicha, mavjud terminal to‘liq demontaj qilingan bo‘lib, uning o‘rnida yangi yo‘lovchi terminali barpo etiladi. Hozirda qurilish maydonida tayyorgarlik jarayonlari olib borilmoqda.

aeroport, incheon international airport corporation, modernizatsiya, urganch aeroporti

Oybek Matkarimov. Foto: Orifjon Hoshimov / Gazeta

Birinchi bosqichda yangi terminalni 34 ming kv.metr maydonda qurish, keyinchalik esa uni 39 ming kv.metrgacha kengaytirish rejalashtirilgan. Natijada uning quvvati amaldagi 9,2 kv.metrdan to‘rt baravarga oshiriladi.

Yangi terminalda jo‘nab ketuvchi yo‘lovchilarni rasmiylashtirish infratuzilmasi 2,04 kv. metrdan 6,62 kv. metrgacha, keluvchi yo‘lovchilar uchun hudud esa 1,84 kv.metrdan 5,12 kv.metrgacha kengaytiriladi. Tijorat maydonlari 322 kv.metrdan 4,55 kv.metrgacha, CIP zali 229 kv.metrdan 590 kv.metrgacha, VIP zali esa 55 kv.metrdan 420 kv.metrgacha oshiriladi.

Bagajlarni boshqarish tizimi maydoni 6,17 kv.metrgacha kengaytiriladi. Shuningdek, loyihada 1,83 kvadrat metrlik yangi yuk terminali ham ko‘zda tutilgan. Avtoturargohlar soni esa 200 tadan 1 009 tagacha oshiriladi.

Yangi terminalning me’moriy konsepsiyasida Xorazm me’morchiligi va bezaklariga oid elementlardan foydalaniladi. Katta oynavand fasadlar, baland ichki maydonlar va tabiiy yorug‘lik shular jumlasidan.

Urganch xalqaro aeroportining yangi terminali renderi. Foto: Uzbekistan Airports

Bundan tashqari, loyiha doirasida uchish-qo‘nish yo‘lagi ICAO talablari asosida modernizatsiya qilinadi. Aeroportdagi burilish yo‘laklari soni 1 tadan 4 tagacha, samolyotlar turargohlari esa 6 tadan 20 tagacha oshiriladi.

Yoritish-signal qurilmalari ham yangilanadi. Hozirgi tizim 1997-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, CAT-I toifasiga kiradi. Uning belgilangan foydalanish muddati 10 yil bo‘lsa-da, amalda 28 yildan beri ishlatilmoqda.

Kelgusida aeroportda ICAO talablariga mos zamonaviy energotejamkor texnologiyalar o‘rnatiladi. Yangi yoritish tizimi CAT-II toifasiga o‘tkazilib, ob-havo sharoitida ko‘rish darajasi 300 metr gorizontal va 30 metr vertikal bo‘lgan holatda ham parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi. Hozirda bu 750/60 metrni tashkil etadi.

Oybek Matkarimovning ta’kidlashicha, rekonstruksiya natijasida aeroport F-klassdagi, jumladan Boeing 747, Airbus A350 va Boeing 777 samolyotlarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Loyiha qiymati bir baravardan ortiqqa oshdi

Loyihaning umumiy qiymati $242 mln ni tashkil etib, shundan $134 mln i xususiy sherik, qolgan $108 mln i davlat sherigi obyektlariga to‘g‘ri keladi.

2025-yilning may oyida DXSh loyihasining qiymati $223 mln ni tashkil etishi ma’lum bo‘lgandi. Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyevning Urganch xalqaro aeroportidagi rekonstruksiya ishlari bilan tanishish jarayonida $264 mln investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgani bildirildi. O‘sish asosan xususiy sherik hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Uzbekistan Airports kompaniyasining loyihalar boshqaruvi bo‘limi loyiha menejeri Yulduz Otanazarova loyihada xususiy sherikning $134 mln investitsiya mablag‘lari qurilish xarajatlariga qarab o‘zgarishi mumkinligini ma’lum qildi.

“Agar qurilish ko‘proq pul talab qilsa, investor unga ko‘proq pul kiritishi ham mumkin. Agar kamroq mablag‘ sarflanadigan bo‘lsa, qolgan summa konsessiya to‘lovi sifatida davlatga ko‘proq to‘lanadigan mexanizm ishlab chiqilgan”, — dedi u va bu bitim doirasida belgilanganini ta’kidladi.

aeroport, incheon international airport corporation, modernizatsiya, urganch aeroporti

Yulduz Otanazarova. Foto: Orifjon Hoshimov / Gazeta

Uzbekistan Airports’ning mulkiy munosabatlar bo‘limi menejeri Sherzodbek Saidniyozovning qo‘shimcha qilishicha, qurilish materiallari narxi, ishchilarga beriladigan ish haqlarining oshishi va soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlar sabab loyiha qiymati oshishi yoki kamayishi mumkin. 2028-yil oxirida — loyihani topshirish va qabul qilish dalolatnomasi imzolangach, uning yakuniy qiymati aniqlanadi.

Agar xarajatlar $134 mlndan yuqori bo‘lsa, konsessiya shartlari shunga mos ravishda qayta belgilanadi. Aksincha, loyiha kelishilgan summadan arzonroq amalga oshirilsa, konsessiya to‘lovi miqdori oshadi. “Shu sababli hozircha aniq summani aytish qiyin”, — deya xulosa qildi u.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 2029−2032-yillarda 5%, 2033−2035-yillarda 16% va 2036−2047-yillarda 27% miqdorida konsession to‘lovlar nazarda tutilgan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 22 yil davomida konsession to‘lovlarning jami miqdori $408,75 mln ni tashkil etadi.

Avvalroq Spot Toshkent aeroportida 24/7 ishlaydigan tarmoqli do‘kon ochish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.