Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi Urganch xalqaro aeroportidagi rekonstruksiya ishlari bilan tanishishdan boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Umumiy maydoni 285 gektardan ortiqni tashkil etadigan aeroport orqali o‘nga yaqin nufuzli aviakompaniya tomonidan muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘zida aeroport tomonidan jami 126 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 31% ga o‘sdi.
Aeroportni kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun jami $264 mln miqdorida investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Loyiha DXSH asosida Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Prezident Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar, nufuzli iqtisodiy va madaniy anjumanlar o‘tkaziladigan global maydonga aylanayotganini taʼkidladi.
Bunday tadbirlarga kelayotgan xorijiy delegatsiyalar uchun yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni taʼminlash mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtiboriga bevosita xizmat qilishi qayd etildi.





Rekonstruksiya doirasida aeroportda Boeing 747 va Airbus A350 kabi keng fyuzelyajli havo kemalarini bemalol qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Bu endilikda dunyoning turli qitʼalaridan Xorazmga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi hamda yangi burilish yo‘lagi qurib bitkaziladi.
Bundan tashqari, aeroportda yangi chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes-zal, turli savdo va ovqatlanish shoxobchalari, kecha-yu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda Duty free zonasi tashkil etilmoqda.
Loyiha yakunlangach, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1,3 ming nafargacha ortadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchi oqimi 16% ga o‘sdi, biroq ichki reyslar kamaygani haqida yozgandi.




