O‘zbekiston aeroportlari 2026-yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra 8,15 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16% ga ko‘pdir, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Yarim yil davomida aeroportlar 64 831 ta reysni qabul qildi va jo‘natdi (+8%). Ulardan 47 371 tasi xalqaro yo‘nalishlarga (+12%), 17 460 tasi esa ichki yo‘nalishlarga (-0,5%) to‘g‘ri keldi. Xalqaro reyslardan 6,7 mln yo‘lovchi (+15,4%), ichki reyslardan esa 1,46 mln yo‘lovchi (+16,2%) foydalandi. Ishlov berilgan yuk va pochta hajmi birdaniga 33% ga o‘sib, 51,5 ming tonnani tashkil etdi.

Tashuvlarning asosiy hajmi avvalgidek Toshkent xalqaro aeroporti hissasiga to‘g‘ri keldi. Olti oyda u 40 283 ta reysga (+7%) va 5,36 mln yo‘lovchiga (+17%) xizmat ko‘rsatib, 48,1 ming tonna yuk va pochtaga (+33%) ishlov berdi.

Uzbekistan Airports bu o‘sishni yo‘nalishlar tarmog‘i kengaygani bilan izohladi: poytaxtga China Eastern (Shanxay), Asiana Airlines (Seul) va Shirak Avia (Yerevan) aviakompaniyalari parvozlarni yo‘lga qo‘ydi, shuningdek, rezident aviakompaniyalar yangi xalqaro yo‘nalishlarni ochib, mavjud reyslar qatnovini ko‘paytirdi.

Hududiy aeroportlar orasida yo‘lovchi oqimining eng yuqori o‘sishi Andijonda qayd etildi — qariyb 23,5 baravarga oshib, 117 ming kishiga yetdi. Bunga past baza samarasi sabab bo‘lgan, zero, aeroport keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng o‘tgan yilning bahoridagina to‘liq ishga tushgan edi. Bu yerdagi reyslar soni birdaniga 835% ga ko‘payib, 916 tani tashkil etdi.

Shuningdek, Termiz (+52%, 225 ming yo‘lovchigacha), Urganch (+24%, 479 minggacha), Nukus (+23%, 180 minggacha) va Samarqand (+7%, 759 minggacha) aeroportlarida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Uzbekistan Airports buni yangi xalqaro yo‘nalishlar ochilgani, ichki reyslar soni ortgani va sayyohlik mavsumida talab yuqori bo‘lgani bilan izohladi.

Shu bilan birga, ayrim aeroportlarda yo‘lovchi oqimi qisqardi. Qarshida bu ko‘rsatkich 22% ga kamayib — 71 ming kishini, Navoiyda — 27% ga (18 ming), Namanganda esa — 11% ga (338 ming) pasaydi. Farg‘onada yo‘lovchi oqimi atigi 2% ga o‘sib, 325 ming kishiga yetgan bo‘lsa-da, reyslar soni 11% ga kamaydi.

Kompaniyada ta‘kidlanishicha, Farg‘ona, Namangan, Qarshi va Navoiydagi ayrim ko‘rsatkichlarning pasayishi yo‘nalishlar tarmog‘i tuzilmasi o‘zgargani, ayrim yo‘nalishlarda talabga tuzatish kiritilgani hamda aviakompaniyalarning parvozlar jadvalini qayta ko‘rib chiqishiga sabab bo‘lgan geosiyosiy vaziyat ta‘siri bilan bog‘liq.

O‘zbekiston aeroportlarining birinchi yarim yillikdagi faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari:

Aeroport
Reyslar
Yo‘lovchilar oqimi
Yuk va pochta
Toshkent

40 283 (+7%): xalqaro — 32 044, ichki — 8 239

5 364 282 (+17%): xalqaro — 4 645 615, ichki — 718 667

48 170 (+33%)

Samarqand

5 902 (+3%): xalqaro — 5 242, ichki — 660

759 232 (+7%): xalqaro — 720 854, ichki — 38 378

-
Urganch

3 566 (+21%): xalqaro — 1 799, ichki — 1 767

479 527 (+24%): xalqaro — 250 565, ichki — 228 962

-
Namangan

2 715 (+4%): xalqaro — 2 050, ichki — 665

338 736 (−11%): xalqaro — 313 661, ichki — 25 075

-
Farg‘ona

2 628 (−11%): xalqaro — 1 633, ichki — 995

325 804 (+2%): xalqaro — 277 876, ichki — 47 928

-
Buxoro

2 614 (−4%): xalqaro — 1 246, ichki — 1 368

273 977 (+5%): xalqaro — 167 400, ichki — 106 577

-
Termiz

2 236 (+24%): xalqaro — 839, ichki — 1 397

225 146 (+52%): xalqaro — 127 848, ichki — 97 298

-
Nukus

1 455 (+9%): xalqaro — 399, ichki — 1 056

180 703 (+23%): xalqaro — 54 114, ichki — 126 589

-
Andijon

916 (+835%): xalqaro — 579, ichki — 337

117 019 (+2249%): xalqaro — 85 493, ichki — 31 526

-
Qarshi

989 (−6%): xalqaro — 306, ichki — 683

71 033 (−22%): xalqaro — 46 774, ichki — 24 259

-
Navoiy

1 527 (+28%): xalqaro — 1 234, ichki — 293

18 011 (−27%): xalqaro — 8 158, ichki — 9 853

-

Spot, avvalroq, Toshkent xalqaro aeroportida AiRo bojxonachi roboti ish boshlagani haqida yozgandi.