Toshkent aeroportida yo‘lovchilarga bojxona qoidalarini tushuntiruvchi AI-robot ish boshladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, aeroportlarda aniqlanayotgan qoidabuzarliklarning bir qismi fuqarolarning bojxona tartiblari haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, ayrim yo‘lovchilar olib o‘tayotgan valyuta, zargarlik buyumlari, dori vositalari yoki mobil qurilmalar bo‘yicha bojxona xodimlaridan maslahat so‘rashga tortinadi. Natijada ular deklaratsiyalash yoki olib o‘tish qoidalarini buzib qo‘yishi mumkin.
Shu maqsadda Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida AiRO interaktiv bojxona roboti ishga tushirildi. Uning sunʼiy intellektga asoslangan dasturiy taʼminoti Bojxona qo‘mitasi dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan.



Robot orqali yo‘lovchilar valyuta qimmatliklari, mobil qurilmalar, dori vositalari, zargarlik buyumlari, taqiqlangan tovarlar, bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi hamda “yashil” va “qizil” yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha maʼlumot olishi mumkin.
Qo‘mitaning taʼkidlashicha, robot bojxona xodimlari o‘rnini bosmaydi. Uning asosiy vazifasi yo‘lovchilarga tezkor axborot berish, xodimlar ishini yengillashtirish hamda bojxona qoidalari buzilishining oldini olishdan iborat.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda telefonni deklaratsiyalash va UzIMEI‘da ro‘yxatdan o‘tkazish 2 daqiqagacha qisqargani haqida yozgandi.


