O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni endi ularning bojxona rasmiylashtiruvi bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi vakillari Toshkent aeroporti bo‘ylab o‘tkazilgan press-turda ma‘lum qildi.
Xalqaro terminalning uchib kelish zalida bojxona deklaratsiyalarini onlayn rejimda to‘ldirish uchun infokiosklar o‘rnatildi. Bundan tashqari, yo‘lovchilar uchun Yo‘lovchi deklaratsiyasi mobil ilovasi yaratilib, u ishga tushirilganidan buyon 580 ming marta yuklab olingan.
Ilova orqali 603 mingta deklaratsiya kelib tushgan, yana 538 mingtasi esa infokiosklar yordamida rasmiylashtirilgan. Natijada qog‘oz deklaratsiyalar soni uch barobarga kamayib, rasmiylashtirish jarayoni ikki barobarga tezlashdi.
Uyali telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq tartib-taomillar soddalashtirilgani alohida qayd etildi. Tizimlarning integratsiyasi tufayli apparatlarning IMEI-kodlarini bojxona rasmiylashtiruvidan so‘ng, bevosita aeroport binosida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sharoitlar yaratildi.
Endi fuqarolar bojsiz me‘yor doirasida olib kirayotgan telefonini deklaratsiya qilishi va ayni vaqtda uni UzIMEI‘da avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Bojxona qo‘mitasida ta‘kidlanishicha, bu orqali yo‘lovchilarning 70% igacha qismi o‘z vaqtini tejashi mumkin bo‘ladi.
“Tizimning uchta qulayligi bor. Birinchisi, deklaratsiya to‘ldirishga ko‘p vaqt ketmaydi. Ikkita maʼlumot talab etiladi. Fuqaroning pasport maʼlumotlari va IMEI kod maʼlumotlari, Face ID bilan tasdiqlaydi. Ikkinchisi, bojsiz [me‘yor] doirasida bo‘lsa, telefonlari avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. Bu degani, navbat turmasdan chiqib ketaversa ham bo‘ladi. Uchinchisi, UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tish ham shu dastur orqali bo‘ladi. Yaʼni bu yerda kirib, deklaratsiya to‘ldirgandan keyin UzIMEI‘ga borib yana alohida ro‘yxatdan o‘tib o‘tirmaydi-da. Shu dasturning o‘zida UzIMEI tizimidan ham ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi”, — dedi Toshkent-AERO bojxona majmuasi bosh inspektori Shahobiddin Normurodov (Daryo iqtibosi).




Yangi telefonni infokiosk orqali ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmaning o‘zidan ham deklaratsiya qilish mumkin, deya qo‘shimcha qildi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangilik telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun navbat kutish vaqtini 85−90% ga qisqartirishga imkon beradi, jarayonning o‘zi esa 1,5−2 yoki 5 daqiqa vaqtni oladi.
Jarayonlarning soddalashtirilishi O‘zbekistonga telefonlarning qonuniy olib kirilishi ko‘rsatkichlariga ta‘sir ko‘rsatdi, deya ta‘kidladi bojxona vakillari. Agar 2024-yilda jismoniy shaxslar 5,6 mingta apparatni rasman import qilgan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 716 mingtaga yetdi, joriy yilning dastlabki besh oyida esa 420 mingga yaqin telefon olib kirildi. Yil boshidan buyon Toshkent aeroportida topshirilgan 180 mingta deklaratsiyaning 85 foizdan ortig‘ida telefonlar qayd etilgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi mobil telefon sotuvchilari tomonidan O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talablari buzilayotganiga e’tibor qaratgandi.



