Uzbekistan Airports Toshkent aeroportida yana bir nechta obyektni auksionga qo‘ydi. Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqaro kelish terminalida oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj tovarlari sotiladigan tarmoq do‘konini ochish taklif etilmoqda. Buning uchun 139 kvadrat metr maydon ikki yil muddatga ajratiladi.
Auksionda O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan va ushbu sohada kamida 5 yillik tajribaga ega chakana savdo tarmoqlari qatnashishi mumkin.
Do‘kon sutka davomida ishlashi va naqd hamda naqdsiz to‘lovlarni, jumladan Visa va MasterCard kartalarini qabul qilishi kutilmoqda.
Ijara uchun boshlang‘ich narx QQSsiz yiliga 433,68 mln so‘m etib belgilangan. Auksion 2-oktabr kuni o‘tkaziladi.
Shuningdek, kompaniya ruxsatnomalar byurosida vending avtomatlarini joylashtirish uchun 2 kvadrat metr maydon ajratadi. Ijarachi uch turdagi uskuna — ichimliklar, qahva va gazaklar sotuvchi avtomatlarni o‘rnatishi kerak bo‘ladi.
Vending avtomatlari 24/7 rejimida ishlashi hamda naqd pul va Uzcard, Humo, MasterCard va VISA bank kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilishi kerak. Ijara uchun boshlang‘ich narx 36 mln so‘m etib belgilangan.
Bundan tashqari, Ruxsatnomalar byurosi binosida valyuta ayirboshlash funksiyasiga ega, QR-kod va kontaktsiz (NFC) kartalar orqali to‘lovlarni qo‘llab-quvvatlaydigan 24 soat ishlaydigan bankomat o‘rnatish taklif qilinmoqda. Unda kamida ikki yildan beri faoliyat yuritayotgan va tegishli litsenziyaga ega banklar ishtirok etishi mumkin.
Lotning boshlang‘ich narxi — 12 mln so‘m. Har ikkala auksion ham 2-oktabr kuni o‘tkaziladi.
Yana bir lot — xalqaro uchib ketish terminalining uchinchi qavatida joylashgan 25 kvadrat metrlik ofis xonasi. Bu yerda parvozlarni tashkil etish va ularga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, yo‘lovchilarga ko‘maklashish uchun aviakompaniya vakolatxonasini ochish taklif qilinmoqda.
Lot bir yil muddatga beriladi va kelgusida muddatni uzaytirish imkoniyati mavjud. Auksionda amaldagi litsenziyaga ega, qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida bo‘lmagan hamda offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tmagan aviakompaniyalar ishtirok etishi mumkin.
Auksion 9-oktabr kuni o‘tkaziladi. Boshlang‘ich narx — 300 mln so‘m.
Avvalroq Spot Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasi savdoga qo‘yilgani haqida yozgandi.