1-oktabrdan boshlab Rossiyada mehnat patenti asosida ishlayotgan migrantlar ishga joylashgani haqida Ichki ishlar vazirligini (IIV) xabardor qilish tartibi o‘zgardi. Bu haqda TACC nashri xabar berdi.
Jismoniy shaxs qo‘lida ishlaydigan xorijliklar patent olgan kundan boshlab ikki oy ichida Rossiya IIVning hududiy organiga mustaqil ravishda xabarnoma topshirishi kerak.
Yuridik shaxsda ishlaydigan migrantlar uchun esa mehnat shartnomasi tuzilgan yoki bekor qilinganligi haqida xabarnomani uch kun ichida ish beruvchi taqdim etadi.
Patent asosida ishlaydigan migrantlarni ishga qabul qilish haqida xabar berishning yangi talablari 1-oktabrdan kuchga kirdi. Talablar ish beruvchining maqomiga qarab farqlanadi.
Xorijiy xodim ishdan bo‘shatilgani haqida IIVni o‘z vaqtida xabardor qilmaslik uchun 800 ming rublgacha jarima yoki faoliyatni 90 kungacha ma’muriy tartibda to‘xtatib turish jazosi belgilangan.
Avvalroq patent asosida ishlaydigan migrant ham, uning ish beruvchisi yoki xizmatlar buyurtmachisi ham IIVni ishga joylashish haqida xabardor qilishi kerak edi.
Qayd etilishicha, bunda har bir tomon ushbu majburiyatni o‘z tartibi va belgilangan muddatlarda bajarardi.
Rossiyada 1-sentabrdan boshlab mehnat migrantlarini mamlakatga kirgandan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish qoidalari kuchaytirildi.
Yangi tartibga ko‘ra, Rossiyaga ishlash yoki boshqa maqsadlarda 30 kundan ortiq muddatga kelgan migrantlar mamlakatga kirganidan keyin 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Avval ayrim toifalar uchun bu muddat 90 kunni tashkil etgan.
Shuningdek, Rossiyada 30 kundan ortiq qoladigan migrantlar har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Ko‘rikda OIV infeksiyasi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar hamda narkotik va psixotrop moddalarni iste’mol qilish holati tekshiriladi.
Tibbiy ko‘rik Rossiyada bunga vakolati bo‘lgan tibbiyot tashkilotlarida o‘tkaziladi. Uning natijalari davlatning tegishli axborot tizimlariga kiritiladi. Ushbu talablar migrantlarning patent va ishlash ruxsatnomalarini rasmiylashtirish jarayoniga ham taalluqli.
Agar migrantda xavfli yuqumli kasallik, OIV yoki narkotik moddalarni iste’mol qilish holati aniqlansa, tibbiyot muassasasi bu haqda tegishli davlat organlarini xabardor qiladi.
Bunday ma’lumotlar belgilangan tartibda Rossiya Ichki ishlar vazirligiga va sanitariya nazorati organlariga yuboriladi.
Yangi tartibning asosiy maqsadi Rossiyada bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar orasida xavfli kasalliklarning tarqalishining oldini olish va ularning sog‘lig‘i ustidan nazoratni kuchaytirishdan iborat.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlar uchun daromad solig‘ini oshirish taklif qilingani haqida yozgandi.
Shuningdek, soliq to‘lamagan xorijliklarni mamlakatdan deportatsiya qilish taklifi ham ilgari surilmoqda.