Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) mamlakatda ishlayotgan migrantlar uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasini 30% gacha oshirishni taklif qildi. Bu haqda TACC xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, tashabbusni LDPR fraksiyasi rahbariyatining birinchi o‘rinbosari Andrey Lugovoy ilgari surgan.
“Biz migrantlar uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘ini 30% gacha oshirishni taklif qilmoqdamiz. Ular bizning infratuzilmamiz, tibbiyotimiz va tartib-qoidalarimizdan foydalanadi. Shunday ekan, buning uchun to‘liq stavkada to‘lashsin”, — dedi Lugovoy.
Partiya vakilining fikricha, bunday choralar Rossiya mehnat bozoridagi vaziyatni tartibga solish va mamlakatda vaqtincha ishlayotgan xorijiy fuqarolarning soliqqa tortilishini kuchaytirishga xizmat qilishi kerak.
Lugovoy bundan tashqari, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan migrantlarni Rossiya hududidan chiqarib yuborish zarurligini ham bildirgan.
Soliq to‘lamagan migrantlar Rossiyadan chiqarib yuborilishi kerak. “Hech qanday soliq ta’tillari va bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘lmasligi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ya’ni, uning taklifida soliq majburiyatlarini bajarmagan xorijiy fuqarolarga nisbatan nafaqat moliyaviy, balki migratsion choralar ham qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Yana bir taklifga ko‘ra, Rossiyaga kirishda migrant yoki ish beruvchi deportatsiya, vaqtincha saqlash markazida bo‘lish, sud xarajatlari va jarimalarni qoplash uchun maxsus avans hisobvarag‘iga oldindan mablag‘ kiritishi kerak bo‘ladi.
Deputatning ta’kidlashicha, migratsiya siyosati Rossiya manfaatlariga moslashtirilib, chet el fuqarolarining mamlakatda yashashi, ishlashi, soliq to‘lashi va qonunlarga rioya etishini nazorat qiluvchi yagona davlat tizimi yaratilishi kerak.
Avvalroq Spot Rossiyaning yana 11 ta hududida migrantlar uchun Amina ilovasi majburiy bo‘ishi haqida yozgandi.
Agar migrantning telefonida ushbu ilova ishlamasa, bu migratsiya rejimi buzilgan deb hisoblanib, u mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.