Rossiyaning 11 ta hududida migrantlarning mamlakatga kirishi va hudud ichidagi harakatini nazorat qiluvchi Amina mobil ilovasi joriy etiladi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin TACC nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Amina ilovasi Rossiyaga vizasiz tartibda kirib, ishlash uchun keladigan xorijiy fuqarolar uchun mo‘ljallangan. Tizim migrantlarning Rossiyada bo‘lishi va migratsiya hisobini raqamli shaklda nazorat qilish imkonini beradi.

“Migrant chegaradan o‘tayotganda o‘z biometrik ma’lumotlarini — barmoq izlari va raqamli fotosuratini topshiradi. Keyinchalik aynan shu ma’lumotlar orqali uni istalgan vaqtda aniqlash mumkin”, — dedi Sobyanin.

Uning ta’kidlashicha, mazkur tizimga Rossiya chegarasini kesib o‘tish huquqiga ega bo‘lmagan yoki chegaradan o‘tayotganda ushlanishi kerak bo‘lgan barcha huquqbuzarlar haqidagi ma’lumotlar kiritilgan.

“Biz bunday tizimni joriy etdik. Bundan tashqari, hozir uni mamlakatimizning yana 11 ta hududiga, avvalo, barcha yirik transport va aviatsiya markazlariga kengaytirmoqdamiz”, — deya ta’kidladi Moskva meri.

Ilova orqali xorijiy fuqarolarning biometrik ma’lumotlari bilan bog‘liq nazorat mexanizmlari qo‘llanadi. Ya’ni migrantning Rossiyaga kirishi, mamlakat hududida bo‘lishi va migratsiya maqomiga oid ma’lumotlarni raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

2025-yil 1-sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida migrantlarga Amina ilovasini o‘rnatish majburiy bo‘lgandi.

Bu Rossiya hukumatining migratsiya jarayonlarini elektron tizimga o‘tkazish va noqonuniy migratsiyani aniqlash bo‘yicha siyosatining bir qismi hisoblanadi.

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, migrantning telefonidagi Amina mobil ilovasi orqali uning qayerda ekanini real vaqt rejimida aniqlash mumkin.

“Agar uning telefonida ushbu dastur ishlamasa, biz buni migratsiya rejimi buzilgan deb hisoblaymiz va u mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Shu tariqa biz uning barcha harakatlarini — kunduzi qayerda ishlashi va bo‘lishini, kechasi qayerda tunashini hamda harakatlanish yo‘nalishlarini bilib turamiz. Shuning uchun soliq yoki migratsiya xizmati bilan bog‘liq qandaydir savollar yuzaga kelganda, bu odam qayerda ishlashi va yashashini doimo bilamiz”, — dedi u.


Avvalroq Spot Rossiyada migrantlar joylashuvini kuzatish uchun telefon sotib olishlari shart bo‘lishi haqida yozgandi.

U orqali Rossiya IIV chet elliklarning harakatini kuzatib borishi va ularga hujjatlar haqida xabarnoma yuborishi mumkin.