Markaziy bank boshqaruvining ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Hujjat bilan banklarning kredit reklamasi va kredit shartnomalarida mijozlarni kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari haqida ogohlantirishiga doir yangi talablar belgilanmoqda.

Xususan, banklar kredit reklamasida kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik iste‘molchi uchun moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish joylashtirishi shart bo‘ladi. U bosma va elektron tasvirli reklama maydonining, audio va videoreklama davomiyligining kamida 10% ini tashkil etishi kerak.

Bundan tashqari, kredit shartnomasining birinchi sahifasida, shartnoma matni boshlanishidan oldin, sahifa asosiy yuzasining kamida 30% ini egallaydigan ogohlantirish joylashtiriladi.

Ogohlantirishda kredit bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaslik umumiy qarzdorlikning oshishi, qarzni undirish bo‘yicha majburiy ijro choralarining ko‘rilishi, mol-mulkka undiruv qaratilishi hamda hisobvaraqlardagi mablag‘larning xatlanishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatiladi.

Shuningdek, sud yoki davlat ijrochisi qarori bilan O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtincha cheklanishi hamda kredit tarixiga salbiy ta‘sir ko‘rsatib, kelajakda kredit olish imkoniyati cheklanishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi.

Bank tomonidan taklif etilayotgan kredit mahsuloti iste‘molchini chalg‘ituvchi deb topilganda, bankka nisbatan tegishli choralar va sanksiyalar qo‘llanishi mumkin.

Markaziy bank qayd etishicha, o‘zgarishlar iste‘molchilarning kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq va tushunarli ma‘lumotga ega bo‘lishiga qaratilgan.

Ogohlantirishda kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik qarzdorlikning oshishi, mol-mulkka undiruv qaratilishi, hisobvaraqlardagi mablag‘larning xatlanishi, kafil zimmasiga majburiyat yuklanishi, O‘zbekistondan chiqish huquqining vaqtincha cheklanishi hamda kredit tarixiga salbiy ta‘sir qilishi mumkinligi ko‘rsatiladi.

Qaror rasmiy e‘lon qilingan kundan bir oy o‘tib kuchga kiradi.

Spot avvalroq iyul-avgust oylarida so‘mdagi kreditlar yana biroz qimmatlashgani haqida xabar berilgandi.