Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha stavkalar asta-sekin oshishda davom etmoqda, deya xabar bermoqda Markaziy bank.
Iyul oyida o‘rtacha nominal stavka (imtiyozli kreditlarni hisobga olgan holda, mikrozayomlar va kredit kartalaridan tashqari) 19,9% ni tashkil etdi. Bu iyun oyiga nisbatan 0,1 foiz punktga ko‘p. Avgust yakunlariga ko‘ra, stavka yana 0,2 foiz punktga oshib, 20,1% ga yetdi.
Shu bilan birga, so‘nggi bir yil ichida so‘mdagi kreditlar o‘rtacha 1,3% ga arzonlashgan.

Qisqa va uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha stavkalar deyarli tenglashdi. Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar stavkasi 20,2% ni tashkil etib, ikki oy ichida 1% ga pasaydi, biroq yillik hisobda biroz oshdi. Uzoq muddatli kreditlar esa 20,1% stavkada taklif qilinmoqda. Ularning stavkasi iyul va avgust oylarida har oy 0,4 foiz punktga oshgan.
Aholi uchun kreditlar
Jismoniy shaxslar uchun kreditlarning o‘rtacha stavkasi iyul oyida iyun oyiga nisbatan 0,5 foiz punktga pasayib, 19,7% ni tashkil etdi. Avgust oyida esa biroz oshib, 19,8% ga yetdi. Bir yil davomida stavka 3% ga kamaygan.
Uzoq muddatli kreditlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatildi — iyul oyida stavka 19,6% gacha pasayib, bir oy o‘tib 19,7% gacha oshdi. Qisqa muddatli kreditlar esa iyul oyida keskin arzonlab, 21,3% ni tashkil etdi, biroq keyinchalik stavkalar 24,1% gacha ko‘tarildi.
Inflyatsiya kutilmalari hisobga olingan real stavkalar iyul oyida 8,7% gacha pasaygan bo‘lsa, avgust oxirida yana 9,1% ga yetdi. Yillik hisobda ular 0,3% ga kamaygan.

Aholiga tijoriy kreditlar 21,3% stavkada taklif qilinmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,3% ga past. Iyul oyida stavkalar vaqtincha 21% gacha tushgan. Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha stavka 21,2% ni tashkil etdi.
Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar to‘rtinchi oy ketma-ket arzonlamoqda va bir yil ichida 3% ga pasaydi. Iyul oyida ular 26% ni tashkil etgan bo‘lsa, avgustda ikki yillik minimum — 25,4% gacha tushdi.
Shu bilan birga, real stavkalar iyul oyida 9,9% gacha pasayganidan so‘ng, yillik eng yuqori ko‘rsatkich — 10,4% ga yetdi. Bu o‘tgan yil avgustiga nisbatan 0,3 foiz punktga ko‘p.
Jismoniy shaxslar uchun imtiyozli kreditlar stavkalarida katta o‘zgarish kuzatilmadi — iyul oyida 9,6% gacha pasayib, keyingi oyda 9,7% ga qaytdi. Shu bilan birga, bir yil davomida stavka 1,8% ga kamaygan. Uzoq muddatli imtiyozli kreditlar bo‘yicha stavka uchinchi oy ketma-ket 9,8% ni tashkil etmoqda.
Imtiyozli kreditlarning real stavkalari manfiyligicha qolmoqda — iyul oyida minus 0,5%, avgust oxirida esa minus 0,1%. Biroq bir yil davomida ular 0,6% ga oshgan.
Biznes uchun kreditlar
Korporativ sektorda kredit stavkasi iyul oyida 20% gacha, avgust oxirida esa 20,3% gacha oshdi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 0,3 foiz punktga past.
Uzoq muddatli kreditlar ikki oy ichida qariyb 2 foiz punktga qimmatlashib, hozir 20,5% dan taklif qilinmoqda. Biroq bir yil avval bu stavka 0,6 foiz punktga yuqori edi. Qisqa muddatli kreditlar esa 1 foiz punktga arzonlab, 20,1% ni tashkil etdi.
Real stavkalar iyul oyida 9,3% gacha, avgustda esa 9,7% gacha oshdi. Yillik o‘sish 1,8% ni tashkil etdi.

Biznes uchun tijoriy shartlardagi kreditlar iyundagi pasayishdan so‘ng qimmatlashdi — iyulda 22,1%, avgustda esa 22,3% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, so‘nggi bir yil ichida ular 1 foiz punktga arzonlagan.
Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha stavkalar avgust oyida keskin oshib, 22,1% ga (+0,8 foiz punkt) yetdi. Uzoq muddatli kreditlar stavkasi esa iyulda 22,9% gacha ko‘tarilib, keyinchalik 22,5% gacha pasaydi.
Avgust yakunida real stavka yangi rekordni qayd etib, 11,6% ni tashkil etdi. Bu iyul oyiga nisbatan 0,4 foiz punktga, bir yilga nisbatan esa 1,4 foiz punktga ko‘p.
Biznes uchun imtiyozli kreditlar iyul va avgust oylarida har oy 0,6 foiz punktdan arzonladi. O‘tgan oy yakunida stavka 9% gacha tushdi, biroq yillik hisobda atigi 0,1 foiz punktga kamaydi. Qisqa muddatli kreditlar stavkasi 7,5% (+0,9 foiz punkt), uzoq muddatli kreditlarniki esa 10,3% ni (-0,2 foiz punkt) tashkil etdi.
Valyutadagi kreditlar
Biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlar iyul oyida birdaniga 0,4 foiz punktga qimmatlashib, 10,7% ni tashkil etdi. Avgust yakunida o‘rtacha stavka 10,8% ga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 0,3 foiz punktga yuqori.

Qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha stavkalar iyul oyida keskin oshib, 9,9% ga yetdi. Keyinchalik biroz pasayib, 9,8% ni tashkil etdi.
Uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha esa stavkalar to‘rt oy davomida bosqichma-bosqich oshib bormoqda. Iyul oyida ular so‘nggi yillardagi ilk bor 11% ga yetgan bo‘lsa, bir oy o‘tib 11,1% ni tashkil etdi.
Avvalroq Spot banklar milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha stavkalarni yana pasaytira boshlagani haqida yozgandi.