Banklar milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha stavkalarni yana pasaytira boshladi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Iyun oyida 17,6% gacha oshganidan so‘ng, depozitlarning o‘rtacha daromadliligi iyul oyida 0,1% ga, avgust oyida esa yana 0,3% ga kamaydi.
Hozirda u 17,2% ga teng bo‘lib, o‘tgan avgust oyiga nisbatan 2,6% ga kamaydi va 2022-yil fevralidan beri eng past ko‘rsatkichlardan biriga yetdi.
12 oydan ortiq muddatga mo‘ljallangan omonatlar bo‘yicha stavkalar yil davomida 2,5% ga tushib, 2021-yil kuzidan beri birinchi marta 18% ga yetdi. Qisqa muddatli depozitlarning daromadliligi so‘nggi yillardagi eng past darajaga tushdi — 13,9%.

Jismoniy shaxslarning omonatlari iyul oyida o‘rtacha 18,9% stavkada qabul qilindi. Bu avvalgi oyga nisbatan 0,3 foiz punktga kam. Avgust oyida stavkalar yana 0,5 foiz punktga pasayib, 18,4% ni tashkil etdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 3% ga past.
Qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka bir yil ichida 5,8% ga pasayib, 14,9% ni tashkil etdi. Bu ko‘p yillik eng past ko‘rsatkichdir. Uzoq muddatli omonatlar stavkasi esa 18,9% bo‘lib, o‘tgan yilgi darajadan 2,6% ga past.
Inflyatsiya hisobga olingan real daromadlilik may oyidagi 8,7% lik cho‘qqidan keyin ketma-ket uch oy pasaydi. Iyulda u 8,3%, avgustda esa 7,9% ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 0,3 foiz punktga past.
Shu bilan birga, korporativ segmentdagi depozitlar bo‘yicha stavkalar iyul va avgust oylarida 0,1% dan oshib, 15,5% ga yetdi. Biroq ular bir yil ichida 2,2% ga kamaygan. Real daromadlilik iyundagi 4,9% dan avgust yakuniga kelib 5,3% ga oshdi va o‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan tenglashdi.
Yuridik shaxslar uchun qisqa muddatli omonatlar stavkasi iyulda 0,6 foiz punktga, avgustda esa yana 1 foiz punktga pasayib, 13,2% ni tashkil etdi. Uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha stavka esa iyulda 0,7 foiz punktga oshib, 16,2% ga yetdi, avgustda esa biroz ko‘tarilib, 16,3% ni tashkil qildi.

Valyutadagi omonatlar daromadliligi iyul oyida 4,4% gacha pasaydi, biroq keyinchalik keskin oshib, may oyidagi 5,5% lik yuqori ko‘rsatkichga qaytdi. Yillik o‘sish 0,5 foiz punktni tashkil etdi.
Bunday keskin o‘sishning asosiy sababi valyutadagi depozitlar stavkalarining bir oy ichida 3,7% dan 5,7% gacha, ya’ni 2 foiz punktga oshgani bo‘ldi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil avgustiga nisbatan ham 1 foiz punktga yuqori. Jismoniy shaxslar uchun stavkalar iyulda 5,2% gacha pasaygan bo‘lsa, keyinchalik 5,4% gacha oshdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank omonatlardan olinadigan daromadlarga soliq joriy etish taklifiga izoh bergani haqida yozgandi.