O‘zbekiston banklaridagi jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha foizli daromadlarga soliq joriy etish rasmiy tashabbus yoki amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora sifatida ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov imzosi bilan Spot‘ning rasmiy so‘roviga yuborilgan javob xatida maʼlum qilingan.

Muhokamalarga 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma‘murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti tomonidan bildirilgan taklif sabab bo‘ldi.

Institut jismoniy shaxslarning bank depozitlari bo‘yicha foizli daromadlariga 5% miqdorida soliq belgilashni taklif qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora budjetga qariyb 1,4 trln so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi mumkin edi.

Ushbu taklifdan so‘ng bunday choraning omonatchilar va bank sektori uchun ehtimoliy oqibatlari yuzasidan keng muhokamalar boshlandi. Markaziy bank va Institut alohida-alohida rasmiy bayonotlar bilan chiqdi.

Xatda Markaziy bank bu masala bo‘yicha avval bildirilgan pozitsiya o‘zgarmaganini ta‘kidlagan. Regulyator depozitlarga soliq solish taklifi ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida bildirilgani va Markaziy bankka rasmiy taklif sifatida taqdim etilmaganini eslatib o‘tdi.

Shu bilan birga, Markaziy bank tegishli tadqiqotlar va tahliliy materiallar Fiskal institut tomonidan tayyorlanganini alohida qayd etdi.

“Mazkur tadqiqot doirasida bildirilgan fikr va mulohazalar Markaziy bank tomonidan ilgari surilgan rasmiy tashabbus, taklif yoki muayyan qaror loyihasi sifatida qaralmasligi lozim”, — deyiladi xatda.

Shuningdek, Markaziy bank tadqiqotning mazmuni, metodologiyasi, asosiy farazlari, tahlil natijalari va takliflarning asoslari to‘g‘risida batafsil ma‘lumot olish uchun bevosita Institutga murojaat qilish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shu bilan birga, regulyator depozitlar bo‘yicha foizli daromadlarga ehtimoliy soliq solinishi o‘zaro bog‘liq bir qator masalalarga daxl qilishini ta‘kidladi. Bular jumlasiga aholining jamg‘arma borasidagi xulq-atvori, depozit bozoridagi sharoitlar, banklarning resurs bazasi, kredit va depozit bozorlarining o‘zaro aloqadorligi, pul-kredit sharoitlari, moliyaviy vositachilik samaradorligi va makroiqtisodiy barqarorlik kiradi.

Markaziy bankka ko‘ra, tegishli makroiqtisodiy hisob-kitoblar va kompleks tahlillarsiz bu omillarning o‘zaro ta‘sirini hamda taklif etilayotgan choraning ehtimoliy oqibatlarini aniq baholash imkonsizdir.

Regulyator pul-kredit va makroprudensial siyosatni amalga oshirishda narxlar va moliyaviy barqarorlik, bank tizimining mustahkamligi, moliyaviy vositachilik samaradorligi hamda moliyaviy xizmatlar foydalanuvchilarining manfaatlarini hisobga olish uning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qolishini qayd etdi.

Depozitlar bo‘yicha foizlarga soliq solish yuzasidan Markaziy bankka aniq bir tashabbus, taklif yoki normativ-huquqiy hujjat loyihasi rasman kelib tushgan taqdirda, regulyator uning makroiqtisodiy va moliyaviy oqibatlarini, bank sektorining resurs bazasi va barqarorligiga ta‘sirini, moliyaviy resurslar qiymatini, kreditlash jarayonlari hamda omonatchilar manfaatlarini har tomonlama o‘rganib chiqish niyatida.

“Hozirgi vaqtda jismoniy shaxslarning tijorat banklaridagi depozitlari bo‘yicha foizli daromadlarini soliqqa tortish masalasi Markaziy bank tomonidan ilgari surilgan rasmiy tashabbus yoki amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan chora sifatida qaralmasligini ma‘lum qilamiz”, — deya ta‘kidladi regulyator.

Spot, avvalroq, Markaziy bank telefon raqami orqali pul o‘tkazish qoidalarini tasdiqlagani haqida yozgandi.