SpaceX AQSHning Luiziana shtatida yangi kosmodrom qurilishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters kompaniya bayonotiga tayanib xabar berdi.
Kelajakdagi Starship kosmik parvozlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan Starbase Louisiana majmuasi Uayt ko‘li va Meksika qo‘ltig‘i sohillari oralig‘idagi Pecan Island hududida joylashadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uning maydoni qariyb 50,5 ming gektarni tashkil qiladi.
Kosmodrom qurilishining qiymati $100 mlrdga baholanmoqda. Ishlar 2027-yilda boshlanishi, yangi majmuadan Starship qurilmasining ilk uchirilishi esa 2029-yilga rejalashtirilgan.
Majmua hududida yoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasi, elektr stansiyasi va kosmik apparatlarni Texasdan olib kelish uchun dengiz porti qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyihada o‘z aeroportini qurish ham ko‘zda tutilishi mumkin.
SpaceX prezidenti Gvin Shotvell Starbase loyihasini hafta boshida Luiziana gubernatori Jeff Landri bilan uchrashuvda taqdim etdi. Uning aytishicha, kelajakda yangi kosmodromdan yiliga mingdan ortiq parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
25-avgust kuni kompaniya rahbari Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida kosmodromda o‘ndan ortiq uchirish majmuasi bo‘lishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi kosmodromdan har kuni 30 dan ortiq Starship uchiriladi.
“SpaceX ilmiy fantastikani haqiqatga aylantirmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi milliarder.
Luizianadagi majmua SpaceX uchun to‘rtinchi kosmodrom bo‘ladi. Hozir kompaniya Texasdagi Boka-Chika kosmodromidan parvozlarni amalga oshirmoqda va Floridadagi maydonini kengaytirmoqda.
Bundan tashqari, SpaceX Kaliforniyada Falcon 9 raketalarini uchirish uchun mo‘ljallangan obyektlarga ham ega.
Avvalrroq Spot Ilon Mask Texasda 1300 ta futbol maydoniga teng megazavod qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Loyihaning dastlabki bosqichiga $16,8 mlrd, to‘liq kengaytirilganda esa $119 mlrdgacha investitsiya kiritilishi mumkin.