Ilon Mask Texas shtatida Terafab nomli ulkan yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish majmuasini qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Reuters nashri.
Loyiha SpaceX va Tesla ehtiyojlari uchun sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
Majmuaning umumiy maydoni 100 mln kvadrat fut, ya’ni qariyb 9,3 mln kvadrat metr 9,3 km² maydonni egallaydi — bu 1300 ta futbol maydoniga teng degani. Terafab bir nechta yirik binolardan iborat bo‘lishi kutilmoqda.
Zavodda sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan ilg‘or chiplar, mantiqiy va xotira chiplarini ishlab chiqarish, shuningdek, ularni qadoqlash va sinovdan o‘tkazish jarayonlarini bir joyda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Terafabning asosiy maqsadi Tesla va SpaceX kompaniyalarini kelajakda zarur bo‘ladigan ulkan hajmdagi chiplar bilan ta’minlashdir.
Ushbu chiplar Tesla’ning Optimus robotlari, robotaksilari va avtonom haydash tizimlarida, shuningdek SpaceX’ning kosmik SI loyihalarida qo‘llanishi mumkin.
Loyihaning dastlabki bosqichiga $16,8 mlrd investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. To‘liq kengaytirilganda esa umumiy investitsiya $119 mlrdgacha yetishi mumkin.
Terafab Texasda kamida 3 mingta ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. Loyiha doirasida Intel ham texnologik hamkor sifatida ishtirok etmoqda.
Maskning uzoq muddatli rejalaridan biri esa SI hisoblash markazlarini kosmosga joylashtirish. Terafab ana shu tizim uchun zarur bo‘ladigan yuqori quvvatli chiplarni ishlab chiqarish bazasiga aylanishi mumkin.
Shu sababli Terafab oddiy chip zavodi emas, balki Tesla, SpaceX, robototexnika va kosmik SI loyihalarini yagona ishlab chiqarish tizimiga bog‘lashga qaratilgan ulkan infratuzilma loyihasi hisoblanadi.
Avvalroq Spot SpaceX va xAI rasman SpaceXAI brendi ostida birlashgani haqida yozgandi.
Ilon Maskning sun’iy intellekt biznesi kosmik kompaniya bilan birlashgach, rebrending yakunlandi.