SpaceX sun’iy intellekt ishlab chiquvchisi xAI bilan birlashgach, rebrendingni rasman yakunladi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilindi.
Yangi korporativ tuzilma SpaceXAI nomini oldi va yangilangan brend kompaniyaning rasmiy akkauntlari hamda korporativ ramzlarida paydo bo‘ldi.
Rebrending Ilon Mask aktivlarini integratsiya qilishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Avvalroq SpaceX xAI’ni sotib olish bo‘yicha bitimni yakunlagan, shundan so‘ng kompaniyalar yagona tuzilma doirasida ishlay boshlagan.
Yangi brend kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli xizmatlarni birlashtirgan umumiy yo‘nalishni ifodalashi kerak.
Kompaniya fikricha, birlashuv sun’iy intellekt mahsulotlarini ishlab chiqishni tezlashtirish, hisoblash infratuzilmasini kengaytirish hamda xAI texnologiyalarini SpaceX loyihalariga chuqurroq integratsiya qilish imkonini beradi.
Kelgusida sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun yirik infratuzilma yaratish va kosmik texnologiyalardan hisoblash loyihalarida foydalanish ham rejalashtirilgan.
Rebrendingdan so‘ng o‘zgarishlar, avvalo, kompaniyaning korporativ uslubiga taalluqli bo‘ldi. Hozircha Grok chat-boti va xAI’ning boshqa mahsulotlari foydalanuvchilari uchun jiddiy o‘zgarishlar e’lon qilinmagan.
Xizmatlar avvalgidek ishlashda davom etadi, biroq ular Ilon Mask ekotizimidagi boshqa loyihalar bilan yanada yaqinroq integratsiya qilinishi kutilmoqda.
SpaceX va xAI’ning birlashuvi joriy yilgi texnologiya bozoridagi eng yirik voqealardan biri bo‘ldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bitimdan so‘ng birlashgan kompaniya qiymati taxminan $1,25 trlnga baholanmoqda.
Bu esa SpaceXAIni dunyodagi eng qimmat texnologik kompaniyalardan biriga aylantiradi.
Avvalroq Reuters Ilon Maskni SpaceX’dan faqat Ilon Mask ishdan bo‘shatishi mumkinligi haqida yozgandi.
Agentlikning qayd etishicha, bunday qoida kompaniya aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish uchun belgilab qo‘yilgan.