SpaceX potensial sarmoyadorlarga hech kim Ilon Maskni kompaniya asoschisining roziligisiz bosh direktor va direktorlar kengashi raisi lavozimidan bo‘shata olmasligini ma’lum qildi, deb yozadi Reuters IPO hujjatlariga tayanib.
Unga ko‘ra, Mask “B toifasidagi aksiyalar egalarining ovoz berishi natijasida” ishdan bo‘shatilishi mumkin. Bunday superovoz huquqini beruvchi qimmatli qog‘ozlar IPOdan so‘ng tadbirkor nazoratida bo‘ladi, bu esa amalda uning faqat o‘ziga qarshi ovoz berganidan keyingina ishdan olinishini anglatadi, deb ta’kidlaydi agentlik.
Agar Mask “uzoq vaqt davomida” B toifasidagi aksiyalarning “salmoqli qismini” o‘zida saqlab qolsa, u kompaniya direktorlar kengashi a’zolarining “aksariyatini” saylash va lavozimidan ozod etishni nazorat qilishda davom eta oladi.
Bu qoida SpaceX birjaga chiqqanidan so‘ng qo‘llamoqchi bo‘lgan ikki toifali aksiya tuzilmasini — oddiy A toifasi va superovoz huquqiga ega B toifasini to‘ldiradi, deb yozadi agentlik.
Nashrning qayd etishicha, bu texnologik kompaniyalar orasida keng tarqalgan sxema bo‘lib, u asoschilar va ilk sarmoyadorlarga IPOdan keyin boshqa aksiyadorlarga nisbatan ko‘proq nazoratni qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Biroq bunday tuzilmalarda ham direktorlar kengashi odatda bosh direktorni lavozimidan chetlatish huquqini rasman saqlab qoladi.
Reuters’ning ko‘rsatishicha, SpaceX misolida bosh direktor to‘g‘risidagi bandning “to‘liq kuchi” ta’sis hujjatlariga bog‘liq bo‘ladi. Kompaniya va Mask izoh berish so‘rovlariga javob qaytarmadi.
OAV manbalari SpaceX 2025-yil oxirida IPO o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida so‘z ochgan. Bloomberg esa 2026-yil aprelida kompaniya $2 trlnga baholanish niyatida ekanini yozgan edi.
Avvalroq Ilon Mask va Jeff Bezos O‘zbekistonga taklif etilishi haqida xabar berilgandi.
O‘zbekkosmos ularga 2028-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro astronavtika kongressiga tashrif buyurish uchun taklifnoma yuboradi.