O‘zbekiston iyul oyida oltin eksportini qayta tikladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Mamlakatning yetti oylik jami eksport hajmi $19,93 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 3,6% ga kamaygan.

Bunga, avvalo, qimmatbaho metall eksportining qisqarishi sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, sanoat mahsulotlari eksporti 22,4% ga oshib, $2,87 mlrdga, xizmatlar eksportidan tushum esa 35,3% ga o‘sib, $7,32 mlrdga yetdi.

Yanvar-iyul oylarida oltin eksportining umumiy qiymati $2,8 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 baravar kam ($7,58 mlrd).

Dastlabki yetti oyda qimmatbaho metall eksporti $1,5 mlrdni tashkil etganini hisobga olsak, iyul oyida O‘zbekiston $1,3 mlrdlik oltin eksport qilgan. Shu tariqa, yil boshidan buyon mamlakat oltinni faqat ikki oy — aprel va iyulda eksport qilgan.

Aprelgacha O‘zbekiston oltinni oxirgi marta 2025-yil sentabrida, $1,47 mlrd miqdorida sotgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metall eksporti $9,9 mlrddan oshib, yangi rekord o‘rnatgan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati yil boshidan buyon oltin qazib olish hajmini 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan qariyb 2% ga qisqartirib, 1,508 mln troya unsiyasi (46,9 tonna)gacha tushirdi. Biroq pul ifodasida ishlab chiqarish 41,7% ga oshib, 86,2 trln so‘mga yetdi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 1-avgust holatiga $64,34 mlrdga yetib, bir oyda 0,92% ga oshdi. O‘sishga oltin va valyuta zaxiralari sabab bo‘ldi.

Zaxiradagi oltinning qiymati $365,3 mlnga oshib, $56,12 mlrdga yetdi. Bunda oltinning fizik hajmi biroz kamayib, qariyb 430,8 tonnani tashkil etdi. Valyuta zaxiralari esa $208,8 mlnga oshib, 7,65 mlrd dollarga yetdi.

Iyul boshida oltin narxi troya unsiyasi uchun $4200 gacha bo‘lgan bo‘lsa, oyning ikkinchi o‘n kunligida kotirovkalar pasayib, $4000 dan ham pastga tushdi. Biroq iyulning ikkinchi yarmida qimmatbaho metall narxi yana o‘sib, oy oxiriga kelib $4100 dan oshdi.


Avvalroq Spot eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun 25 ta davlatda “eksport elchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.