O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari iyul oyida, bir oy avvalgi keskin pasayishdan so‘ng, yana o‘sishni boshladi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-avgust holatiga ko‘ra, mamlakatning jami oltin-valyuta zaxiralari $64,34 mlrdni tashkil etdi. Bir oy ichida ko‘rsatkich $589,75 mlnga yoki 0,92% ga oshdi. O‘sish oltin zaxiralari va valyuta tarkibida ham qayd etildi.
Markaziy bank zaxirasidagi oltinning qiymati $56,12 mlrdni tashkil etib, bir oyda $365,3 mln yoki 0,66% ga oshdi. Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi biroz kamayib, bir oy avvalgi 13,88 mln troya unsiyasidan 13,85 mln troya unsiyasiga (taxminan 430,8 tonna) tushdi.
Iyul boshida oltinning bir troya unsiyasi narxi $4200 gacha bo‘lgan bo‘lsa, oyning ikkinchi o‘n kunligida kotirovkalar $4000 dan pastga tushib, mahalliy minimumni qayd etdi. Biroq iyulning ikkinchi yarmida qimmatbaho metall narxi yana ko‘tarilib, oy oxiriga kelib $4100 dan oshdi.
Zaxiralarning valyuta qismi iyul yakunida $7,65 mlrdni tashkil etdi. Bu bir oy avvalgidan $208,8 mln yoki 2,81% ga ko‘p.
Boshqa banklardagi naqd valyuta va depozitlar hajmi 28,5% ga oshib, $5,89 mlrdga yetdi. Uning tarkibida boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi (XVJ) $1,22 mlrd (+2,3%), shuningdek, xorijiy tijorat banklaridagi $4,66 mlrd (+37,6%) mablag‘lar mavjud.
Shu bilan birga, Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi sezilarli kamaydi. Iyul oxirida u 38,4% ga qisqarib, $1,76 mlrdni tashkil etdi. Natijada ularning jami zaxiralardagi ulushi bir oy avvalgi 4,49% dan 2,74% gacha pasaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston so‘nggi ikki oy ichida oltin eksportini to‘xtatgani haqida yozgandi.
Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat $1,5 mlrdlik qimmatbaho metall sotdi, bu o‘tgan yil ko‘rsatkichdan 4 baravar kam.