O‘zbekiston may oyida to‘xtatilgan oltin eksportini hozircha qayta tiklamadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat eksporti $15,86 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8% ga kamaydi. Bunga asosan oltin eksportining qisqarishi sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, sanoat mahsulotlari eksporti qariyb 23% ga oshib $2,4 mlrdga, xizmatlar eksportidan tushgan daromad esa 35% dan ko‘proq o‘sib $6,19 mlrdga yetdi.

Yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston $1,5 mlrdlik oltin eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi $6,49 mlrdga nisbatan 4,3 baravar kam. Mamlakat aprel oyida olti oylik tanaffusdan so‘ng oltin eksportini qayta boshlagan, biroq may oyida qimmatbaho metall eksporti yana to‘xtatilgan.

Jahon bozorida oltin narxi iyun oyida bir troya unsiyasi uchun $4500 dan $4020 dollargacha pasaydi. Iyul boshida narx $4200 ga yaqinlashgan bo‘lsa-da, keyin yana $4000 atrofga tushdi va oyning ikkinchi yarmida asosan $4100 atrofida tebranib turdi.

O‘zbekiston aprel oyigacha oxirgi marta 2025-yil sentabrida $1,47 mlrdlik oltin eksport qilgan edi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metall eksporti $9,9 mlrddan oshib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati joriy yil boshidan buyon oltin qazib olish hajmini o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan qariyb 2% ga kamaytirib, 1,508 mln troya unsiyasi (46,9 tonna)ga tushirdi. Biroq pul ifodasida ishlab chiqarish hajmi 41,7% ga oshib, 86,2 trln so‘mni tashkil etdi.

Iyul oyi boshida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $63,75 mlrdni tashkil etdi. Bir oy ichida ular $6,82 mlrdga kamaydi va o‘tgan yil oxiridan beri eng past darajaga yetdi.

Pasayishning asosiy qismi oltin zaxiralariga to‘g‘ri keldi — uning qiymati $5,68 mlrdga kamayib, $55,75 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, uning fizik hajmi 13,88 mln troya unsiyasiga (431,7 tonna) ko‘tarildi.

Butunjahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyi oxirida qimmatbaho metallning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biriga aylandi. Yil boshidan buyon u oltin zaxiralari hajmini 24 tonnaga oshirdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Polsha Milliy bankidan ortda qoldi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston oltin eksportini 4,3 barobarga qisqartirgani haqida yozgandi.