O‘zbekiston may oyida oltin eksportini to‘xtatdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

2026-yil yanvar-may oylarida O‘zbekiston eksporti $12,6 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,5% ga kamaydi.

Bunga asosan oltin eksportining qisqarishi sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, xomashyo bo‘lmagan mahsulotlar eksportida sezilarli o‘sish kuzatildi: xizmatlar eksporti 34,9% ga oshib, $4,58 mlrdga, sanoat mahsulotlari eksporti esa 18% ga o‘sib, $1,9 mlrdga yetdi.

Besh oy davomida oltin eksporti jami $1,5 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davridagi $6,49 mlrdga nisbatan qariyb 4,3 baravar kam.

O‘zbekiston aprel oyida olti oylik tanaffusdan so‘ng oltin eksportini qayta tiklagan, biroq may oyida qimmatbaho metall eksporti yana to‘xtatilgan.

Bu holat jahon bozorida oltin narxining sezilarli pasayishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi: iyun oyi boshida bir unsiya oltin narxi $4500 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib $4020 gacha tushib, so‘nggi bir necha oy ichidagi eng past darajaga yetdi.

O‘zbekiston aprel oyigacha oxirgi marta 2025-yil sentabrida $1,47 mlrdlik oltin eksport qilgan edi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metall eksporti $9,9 mlrddan oshib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati yanvar-mart oylarida 737 ming troya unsiyasi oltin ishlab chiqargan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,19% ga kamdir. Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati 58,3% ga o‘sib, 44 trln so‘mdan oshgan.

May oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $70,5 mlrdni tashkil etdi. Bir oy davomida zaxiralar $307,2 mlnga (0,44%) kamayib, mart oyidagi keskin pasayishning bir qismini qopladi.

O‘zbekiston Markaziy banki omborlaridagi oltin qiymati $61,43 mlrdgacha kamaygan bo‘lsa-da, uning jismoniy hajmi 423 tonnagacha oshdi. Bir oy ichida zaxiralar qariyb 0,3 mln unsiya (9,3 tonna)ga ko‘paydi.

World Gold Council (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yilning dastlabki to‘rt oyi yakunlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari qatoridan joy oldi. Markaziy bank aprel oyida 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa, yil boshidan buyon omborlaridagi oltin zaxirasini 24 tonnaga ko‘paytirdi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston aprelda Xitoyga gaz eksportini tiklab, yetkazib berish hajmini uch baravarga oshirgani haqida yozgandi.