2026-yilning yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy gazni eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq import qilgan. Bu Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlaridan ma‘lum bo‘ldi.
Dastlabki to‘rt oyda Turkmaniston va Rossiyadan tabiiy gaz importi 53,6% ga o‘sib, $508,3 mlnni tashkil etdi. Yanvardagi $167,6 mlnlik yetkazib berishdan so‘ng fevralda hajm keskin kamayib, $34,6 mlnga tushgan, biroq martda yana $158,3 mlnga, aprelda esa $147,8 mlnga yetgan.
Yil boshidan buyon Xitoyga gaz eksporti uchdan biridan ko‘proqqa qisqarib, $129,4 mlnni tashkil etdi. Yanvarda yetkazib berish to‘xtatilib, faqat fevralda ($7,1 mln) qayta tiklandi. Mart oyida eksport fevraldagiga nisbatan besh baravardan ko‘proqqa o‘sib, $29,4 mlnni, aprelda esa o‘tgan oyga nisbatan uch baravarga oshib, $92,7 mlnni tashkil qildi.
Biroq Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlari Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma‘lumotlaridan sezilarli farq qiladi, unga ko‘ra O‘zbekiston joriy yilning yanvar-aprel oylarida $46 mlndan sal ko‘proqqa gaz eksport qilgan. Statistik ma‘lumotlardagi tafovut $83,3 mlndan oshadi.
Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi ikki oylik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berish qayta tiklanganini ma‘lum qildi: aprelda eksport $44,9 mlnni (yillik hisobda -37,7%) tashkil etdi. 2025-yilning yanvar-aprel oylari ($143 mln) bilan taqqoslaganda, gaz eksporti 3,1 baravarga kamaygan.
Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha Rossiya yetakchilikni saqlab qolmoqda, u yil boshidan buyon $3 mlrdlik “zangori olov” yetkazib bergan. Ikkinchi o‘rinni $2,59 mlrd bilan Turkmaniston egallab turibdi. Keyingi o‘rinlarda Myanma ($514,1 mln), Qozog‘iston ($184,7 mln) va O‘zbekiston ($46,05 mln) bormoqda.
Spot, avvalroq, Rossiya O‘zbekistonga suyultirilgan gaz yetkazib berishni 3,5 barobarga oshirgani haqida yozgandi.