O‘zbekiston Markaziy banki yilning dastlabki to‘rt oyi yakunlariga ko‘ra dunyodagi asosiy oltin xaridorlari qatoriga kirdi, deya xabar bermoqda Butunjahon oltin kengashi (WGC) o‘z hisobotida.

Mart oyidagi sotuvlardan so‘ng dunyo regulyatorlari qimmatbaho metall zaxiralarini ko‘paytirishni qayta boshladi. E‘lon qilingan hisobotlarga ko‘ra, bir oy ichida markaziy banklar o‘z zaxiralarini jami 19 tonnaga oshirgan.

Xaridlar hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni 14 tonna bilan Polsha Milliy banki egalladi. Yil boshidan buyon Varshavaning oltin zaxirasi 8,2% ga oshib, 595 tonnaga yetdi — bu mamlakatning barcha xalqaro zaxiralari pul qiymatidagi hajmining qariyb 30% ini tashkil etadi.

O‘zbekiston Markaziy banki aprel oyida 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa-da, yil boshidan buyon uning omborlardagi hajmini 24 tonnaga oshirdi. Oy yakunlariga ko‘ra, regulyator 414 tonna oltinga ega bo‘lib, bu barcha aktivlarning 88% ini tashkil etgan.

To‘rt oy davomida oltin zaxirasining o‘sishi bo‘yicha uchinchi o‘rinni Xitoy Xalq banki egalladi — 15 tonna bilan umumiy hajm 2322 tonnaga yetdi (zaxiralarning 9%i). Shundan 8 tonnasi aprel oyida xarid qilingan bo‘lib, bu 2024-yil oxiridan buyon qayd etilgan eng yuqori oylik ko‘rsatkichdir.

Bundan tashqari, eng yirik xaridorlar beshligiga Qozog‘iston va Chexiya ham kirdi. Xususan, Chexiya Milliy banki aprel oyida 3 tonna qimmatbaho metall xarid qilib, zaxiralarning umumiy hajmini 79 tonnaga yetkazdi.

Aprel oyida Rossiya banki dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylanib, qariyb 6 tonna oltin sotdi. Shu bilan birga, yil boshidan buyon umumiy eksport bo‘yicha u 22 tonna bilan atigi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Joriy yilda qimmatbaho metallarni sotish bo‘yicha yetakchilik Turkiya Markaziy bankiga tegishli bo‘lib, u 80 tonnadan sal kamroq oltin sotgan. WGC ma‘lumotlariga ko‘ra, sotuvlarning eng yuqori cho‘qqisi mart oyiga to‘g‘ri kelgan, biroq aprelda zaxiralar hajmi deyarli o‘zgarmagan.

Statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston jahon narxlarining pasayishi fonida olti oylik tanaffusdan so‘ng aprel oyida oltin sotishni qayta boshlagan. Qimmatbaho metall eksporti $1,5 mlrddan oshdi, biroq bu 2025-yilning yanvar-aprel oylaridagi ko‘rsatkichga ($5,48 mlrd) nisbatan deyarli to‘rt baravar kamdir.

Spot, avvalroq, Markaziy bank bir oyda xorijiy obligatsiyalar hajmini deyarli ikki barobarga oshirgani haqida yozgandi.