Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari may oyida yana bir oz qisqardi.

1-iyun holatiga mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmi $70,58 mlrdni tashkil etdi. Oy davomida ko‘rsatkich $307,2 mlnga (-0,44%) kamaygan, bunda metall va valyuta qismlarining qisqarishi mutlaq qiymatda deyarli teng bo‘ldi.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $156 mlnga (-0,25%) kamayib, $61,43 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, uning fizik hajmi 13,6 mln troy unsiyasiga yoki 423 tonnaga oshdi.

May oyida jahon birjalarida qimmatbaho metall kotirovkalari 3,3% ga pasaydi. Agar oy boshida bir troy unsiyasi $4700 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, oy o‘rtasiga kelib narx $4550 gacha tushdi va so‘nggi haftada mart oyidan beri birinchi marta $4500 dan pasaydi.

O‘tgan oy yakunlariga ko‘ra, zaxiralarning valyuta qismi $8,57 mlrdni tashkil etdi — bu bir oy avvalgiga nisbatan roppa-rosa $150 mlnga kam. Boshqa banklardagi hisobvaraqlardagi naqd valyuta hajmi birdaniga 20% ga kamayib, $5,72 mlrdni tashkil etdi — bunga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi $1,15 mlrd, shuningdek, xorijiy tijorat banklaridagi $4,56 mlrd kiradi.

Boshqa tomondan, Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi keskin oshdi. May oyi oxiriga kelib, u $2,85 mlrdga (+84%) yetdi, uning umumiy zaxiralardagi ulushi esa 4% ni tashkil qildi.

Regulyator tomonidan xorijiy obligatsiyalarning so‘nggi yirik xaridi 2025-yil noyabr oyida amalga oshirilgan edi. O‘shanda Markaziy bank taxminan $500 mlnlik AQSH g‘aznachilik qog‘ozlarini sotib olgandi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov oltin-valyuta zaxiralarini yanada diversifikatsiya qilish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Xususan, regulyator “qat'iy belgilangan daromadli instrumentlarning kengroq doirasiga”, jumladan, suveren obligatsiyalar va transmilliy tuzilmalarning obligatsiyalari, derivativlar va kredit reytingi “A” dan past bo‘lmagan boshqa qog‘ozlarga sarmoya kiritish niyatida.

Avvalroq Spot Markaziy bank Tezkor to‘lovlar tizimi (TTT) orqali telefon raqami bo‘yicha pul o‘tkazmalari to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqqani haqida yozgandi.