Markaziy bank Tezkor to‘lovlar tizimi (TTT) orqali telefon raqami bo‘yicha pul o‘tkazmalari to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e‘lon qilindi.
Qarorda jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlari o‘rtasida TTTda tranzaksiyalarni amalga oshirish qoidalari belgilanmoqda. Tizim orqali to‘lovlarni amalga oshirish uchun foydalanuvchi o‘zining bank hisobvarag‘ini (22616) O‘zbekiston mobil operatorlaridan birining telefon raqamiga bog‘lashi lozim bo‘ladi.
Bitta telefon raqamiga faqat bitta hisobvaraq biriktirilishi mumkin. Bog‘langan hisobvaraqlarning hisobi Bank depozitorlarining milliy ma‘lumotlar bazasida yuritiladi.
Hisobvaraqni telefon raqamiga bog‘lash bo‘yicha arizalar banklarning mobil ilovalari orqali qabul qilinadi. Xizmatdan faqat terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg‘in qurolini yaratishda ayblanayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan fuqarolar foydalana oladi.
Milliy ma‘lumotlar bazasi hisobvaraq muvaffaqiyatli bog‘langan taqdirda, so‘rov yuborilgan bankka maxsus kod taqdim etadi. Bu kod bank ilovasidagi mijozning hisob qaydnomasida majburiy tartibda aks ettiriladi.
TTT orqali pul o‘tkazmalari ham mobil ilova orqali, ham bank ofisida jo‘natuvchining to‘lov topshiriqnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.
Jo‘natuvchining banki TTTga jo‘natuvchi tomonidan taqdim etilgan telefon raqami yoki bog‘lov kodi ko‘rsatilgan identifikatsiya so‘rovini yuboradi. Bunga javoban TTT pul o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan hisobvaraq egasi va unga xizmat ko‘rsatuvchi bank haqidagi ma‘lumotlarni qaytaradi.
Agar o‘tkazma turli banklardagi hisobvaraqlar o‘rtasida amalga oshirilsa, jo‘natuvchi benefitsiar-bankni tanlashi va pul oluvchining bank rekvizitlarini olishi mumkin bo‘ladi. Jo‘natuvchining banki o‘z tomonidan talab qilinadigan rekvizitlarni texnik hujjatga kiritadi va uni TTTga jo‘natadi.
Agar o‘tkazma bitta bank ichidagi hisobvaraqlar o‘rtasida amalga oshirilsa, u bank ichidagi to‘lov sifatida o‘tkaziladi.
Tranzaksiyani bajarish uchun jo‘natuvchiga pul oluvchining ismi hamda xizmat uchun komissiya miqdori haqidagi ma‘lumotlarni taqdim etish talab qilinadi. O‘tkazma jo‘natuvchi va oluvchining banki tomonidan yakuniy tasdiqlangandan so‘ng amalga oshiriladi.
Jo‘natuvchi o‘tkazma tasdiqlangani haqida hujjat oladi. Unda xizmatga oid ma‘lumotlar, jumladan, quyidagilar ko‘rsatiladi:
- sana va vaqt;
- tranzaksiyaning noyob raqami (BID);
- jo‘natuvchi va oluvchining ismlari, shuningdek, ularning hisobvaraq raqamlari;
- oluvchining telefon raqami yoki kodi;
- o‘tkazma summasi va komissiya miqdori;
- qonunchilikda talab etiladigan boshqa ma‘lumotlar.
Hujjat loyihasining muhokamasi 13-iyungacha davom etadi.
Mart oyi oxirida Markaziy bank Tezkor to‘lovlar tizimi asosida bank hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari (A2A) texnik jihatdan ishga tushirilganini e‘lon qilgandi. O‘tkazmalar uchun komissiya har bir bank tomonidan ichki tarif siyosatiga muvofiq mustaqil ravishda belgilanadi, deya ta‘kidladi regulyator.
Spot, avvalroq, Markaziy bank islomiy bank faoliyatini litsenziyalash tartibini ishlab chiqqani haqida yozgandi.