Markaziy bank islomiy bank faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilovchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya joriy etiladi. Islomiy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan banklar regulyatordan ruxsat olishi, islomiy moliya kengashi, maxsus bo‘linma va ichki audit tizimini tashkil etishi kerak bo‘ladi.

Hujjat bilan “islomiy bank faoliyati” tushunchasi kiritilmoqda — bu banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hamda islomiy moliya standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyat.

Litsenziya olish uchun bank aksiyadorlarining qarori, uch yillik biznes-reja, islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati, islomiy moliya kengashi a’zolari haqidagi ma’lumotlar hamda islomiy moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha alohida hisob yuritish imkoniyati mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bank binolarida qulay sharoitlar yaratilgani haqidagi vakolatli inspeksiya xulosasini taqdim etish talabi ham kiritilmoqda.

Markaziy bank islomiy bank faoliyati litsenziyasini berish bo‘yicha qarorni barcha hujjatlar taqdim etilganidan keyin ikki oydan oshmagan muddatda qabul qiladi. Litsenziya uchun banklardan ustav kapitalining eng kam miqdorining 0,1%i miqdorida davlat boji undiriladi hamda har bir litsenziya turi uchun boj alohida olinadi.

Shuningdek, banklarning Islomiy moliya kengashi faoliyati normativ hujjatlarga kiritilmoqda. Bank kuzatuv kengashi, boshqaruv a’zolari, islomiy moliya kengashi a’zolari, bosh buxgalter, ichki audit, tavakkalchiliklarni boshqarish, komplayens nazorati va islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbarlar lavozimga kirishishidan oldin Markaziy bank bilan kelishilishi talab etiladi.

Banklar rahbar lavozimlariga nomzodlarni tayinlashdan oldin ularning ishchanlik obro‘si, tajribasi, bilim va ko‘nikmalari, mustaqilligi hamda boshqa mezonlar bo‘yicha dastlabki baholashni o‘tkazishi shart bo‘ladi. Baholash natijasida talablarga javob bermagan shaxslar rahbar lavozimlariga tayinlanishi yoki saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, Islomiy moliya kengashi a’zolarining kamida uch nafari, jumladan rais va uning o‘rinbosari islomshunoslik, islom huquqi (fiqh), usulul fiqh yoki fiqhul muamalat yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Islomiy bank faoliyatiga mas’ul rahbar xodim esa moliya yoki islomiy moliya bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, shuningdek AAOIFI tomonidan beriladigan xalqaro sertifikatlardan birini olgan bo‘lishi talab etiladi.

2027-yil 1-iyuldan boshlab banklarning barcha Islomiy moliya kengashi a’zolari ham AAOIFI sertifikatlaridan biriga ega bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, kengash a’zolari bankning aksiyadori, kuzatuv kengashi yoki boshqaruv a’zosi, shuningdek bank xodimi bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 12-iyungacha qabul qilinadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda may oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgan edi.