Alisher Baxadirovich Samadov Hisob palatasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga tayanib ma’lum qildi.

Yangi tayinlov munosabati bilan u Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Prezident matbuot kotibining qayd etishicha, avvalroq Alisher Samadovning nomzodi Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan edi.

Alisher Samadov 2025-yil 14-iyuldan buyon Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bungacha u prezidentning huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Hisob palatasi raisi lavozimi 2025-yil yanvar oyidan beri bo‘sh edi. Hisob palatasining so‘nggi rahbari Adiz Boboyev bo‘lib, u 2024-yil noyabr oyida Samarqand viloyati hokimi etib tayinlangandi.

alisher samadov, hisob palatasi, tayinlov, timur butunbayev

Timur Butunbayev. Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, Timur Nuryigitovich Butunbayev Prezident Administratsiyasi rahbarining suv islohotlari bo‘yicha o‘rinbosari — Huquqiy ekspertiza departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

2024-yil iyul oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev Prezident Administratsiyasi rahbarining besh nafar o‘rinbosari tayinlanishini tasdiqlagan edi. Ular orasida bungacha Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Timur Butunbayev ham bor.

2025-yilning iyun oyida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi nazorat inspeksiyasi tugatildi. Ijro intizomi ustidan nazorat Hisob palatasiga o‘tkazildi.

Avvalroq Spot Farhod Ibragimov Enterprise Uzbekistan rahbari etib tayinlangani haqida yozgan edi.