Farhod Ibrohimov Enterprise Uzbekistan brendi ostida faoliyat yurituvchi Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida e‘lon qilingan faktda ma‘lum qilindi.
O‘z navbatida, Enterprise Uzbekistan‘ga rahbarlik qilib kelgan Amir Mardiyev maxsus huquqiy rejim bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimini egalladi.
2-sentabrda boshqaruvning quyidagi tarkibi tasdiqlandi:
- Ibrohimov Farhod Zairovich — boshqaruv raisi;
- Mardiyev Amir Fazliddinovich — maxsus huquqiy rejim bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari;
- Maqsudov Elyor Xo‘ja Axror o‘g‘li — Markaz ishtirokchilari bilan ishlash bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari;
- Ayupov Bahodir Shavkatovich — xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari;
- Ahmedov Sardorjon Sobirjon o‘g‘li — operatsion boshqaruv bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari.
Farhod Ibrohimov 2025-yil fevral oyidan buyon IT Park Uzbekistan kuzatuv kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bu lavozim IT Park Uzbekistan‘ning butun ekotizimini strategik rivojlantirish va Enterprise Uzbekistan‘ni yaratish bilan bog‘liq. U bungacha 2017-yil noyabridan texnoparkka rahbarlik qilgan, 2018-yilgacha ushbu texnopark Mirzo Ulugbek Innovation Center deb nomlangan.
Enterprise Uzbekistan
20-avgust kuni prezident Enterprise Uzbekistan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.
Loyiha ustida qariyb bir yil ish olib borildi. 2025-yilning noyabrida Toshkent shahridagi IT Park negizida markazni tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqqan edi. Mart oyida prezident konsepsiyani ma‘qulladi. Iyun oyida Qonunchilik palatasi qonun loyihasini qabul qilib, uni TXMM to‘g‘risidagi qonun bilan birga Senatga yubordi. Senat ikkala hujjatni ham rad etib, qayta ishlash uchun qaytardi. Qayta ishlangach, Enterprise bo‘yicha qonun loyihasi 8-avgust kuni ma‘qullandi.
Endilikda O‘zbekistonda ikkita maxsus yurisdiksiya va ikkita yangi konstitutsiyaviy qonun mavjud. TXMM — moliya sektori uchun, Enterprise esa texnologik biznes uchun mo‘ljallangan. Ikkala markazni ham 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Ular birgalikda mamlakatga $20−25 mlrd jalb qilishi lozim.
Enterprise faoliyatini prezident boshchiligidagi maxsus kengash boshqaradi. Shuningdek, organ tarkibidan quyidagilar o‘rin oladi:
- Bosh vazir Abdulla Aripov;
- Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov;
- Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov;
- Adliya vaziri Akbar Toshqulov;
- Markaziy bank raisi Temur Ishmetov;
- Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Li;
- Prezident Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun‘iy intellekt departamenti rahbari Bobur Xo‘jayev.
Avvalroq Spot Behzod Musayev Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etilgani haqida yozgandi.